«Bundan keyin bogʻchalardagi zoʻravon tarbiyachilarning ishi shunchaki ishdan boʻshatish bilan yakunlanmaydi» — vazir

«Bundan keyin bogʻchalardagi zoʻravon tarbiyachilarning ishi shunchaki ishdan boʻshatish bilan yakunlanmaydi» — vazir

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzozaxon Karimova bolalar bogʻchalarida tarbiyalanuvchilarga nisbatan zoʻravonlik qilgan xodimlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani va bundan keyin zoʻravonlik holatlari shunchaki ishdan boʻshatish bilan yakunlanmasligini maʼlum qildi.

 

21-aprel kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi mutaxassislari va OAV ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi. Anjumanda taʼlim sohasiga oid bir qancha masalalar, jumladan, attestatsiya, pedagoglar uchun imtiyozlar, maktab va bogʻchalardagi holatlar muhokamasi boʻlib oʻtdi.

 

Shuningdek, vazir Eʼzoza Karimova bugungi kunda koʻplab bogʻcha tarbiyachilarining bolalarga qoʻpol munosabatda boʻlganligi aks etgan holatlarga nisbatan koʻrilayotgan chora va yechimlar haqida ham aytib oʻtdi.

 

Jumladan, vazir yaqinda Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi 10-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi va Navoiy shahridagi xususiy bogʻchada yuz bergan holatlarni eslab oʻtdi.

 

«Avvallari bunday holatlarda nari borsa, tarbiyachi oʻzining arizasi bilan ishdan boʻshatilardi va bu bogʻchadan boʻshab, ikkinchi bir bogʻchada, bir maktabdan boʻshab, ikkinchi bir maktabda ishini, faoliyatini davom ettirish mumkin edi.

Lekin men alohida taʼkidladim, yana qaytarib aytaman, hozir bu holatda qatʼiy oʻzimiz turibmiz. Oʻsha Ohangaron va Navoiydagi holatlarda tarbiyachilar, haqiqatan ham ariza yozib ketgan. Lekin huquq-muhofaza qilish organlariga vazirlik tomonidan ariza berildi, yaʼni ularni jinoiy javobgarlikka tortish boʻyicha harakatni boshladik.

Yaʼni nimaga? Biz maʼlum bir ayblov bilan bu bogʻchadan ishdan boʻshab, ikkinchisiga ishga kirib olishining oldini olyapmiz», — deydi Eʼzoza Karimova.

 

Shuningdek, Eʼzoza Karimova maktab va bogʻchalarda oʻquvchi va tarbiyalanuvchilarga nisbatan bundan zoʻravonlik holatlarining kuzatilayotganligini oʻqituvchi va tarbiyachilarning malakasi yetarlimasligi va ularda kasbiy stressning yuqoriligi bilan izohladi.

 

“Tarbiyachilar va ustozlar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazdik. Soʻrovnoma natijasida ularda toliqish kuchliligi aniqlandi. Yaʼni charchash, stress holati yuqori. Mana shunday vaziyatda oʻzlari bilib va bilmagan tarzda qoʻpol munosabatda boʻlyapti”, — deydi vazir.