IELTS 7 va SAT 1330: xorazmlik 11-sinf oʻquvchi qiz maksimal ball bilan muddatidan oldin talaba boʻldi

IELTS 7 va SAT 1330: xorazmlik 11-sinf oʻquvchi qiz maksimal ball bilan muddatidan oldin talaba boʻldi

Xorazm viloyati Urganch shahridagi 29-sonli maktabning 11-sinf oʻquvchisi Faxruddinova Laziza Rasulbek qizi muddatidan oldin talaba boʻldi.

 

Urganchlik 11-sinf oʻquvchi qiz Laziza Faxruddinova tegishli barcha fanlar: ingliz tili C1, SAT 1330, tarix B va rus tili va adabiyotidan C+ darajali sertifikatlarni qoʻlga kiritdi.

 

Lazizaning soʻzlariga koʻra, u uchun matematika fani eng qiyin, rus tili va ingliz tillari esa eng osoni boʻlgan.

 

Uning taʼkidlashicha,  sertifikat olishda qiynalmagan, jumladan, har bir fandan birinchi urinishdayoq kerakli sertifikatlarni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, u ilk sertifikati IELTS 7.0 ni 15 yoshimda olgan. IELTS sertifikatining muddati oʻtib ketganligi uchun ingliz tilidan ikkinchi marta sertifikat uchun imtihon topshirgan va yana C1 darajani qoʻlga kiritgan.

 

Laziza har doim oldinga harakat qilgan va maqsadlariga yetishmaguncha toʻxtamasligiga onasining qoʻllab-quvvatlovi muhim ahamiyat kasb etgan.

 

“Men har doim motivatsiyam yoʻq paytlari oilamdagilardan, asosan, onamning ishonchidan kuch olganman”, — deydi Laziza.

 

U sertifikatlarga tayyorgarlik jarayonida oʻzining shaxsiy metodidan foydalangan. Xususan, kunini 8 soatdan uch kategoriyaga: dars qilish, uxlash va boshqa narsalar uchun boʻlgan. Uning aytishicha, koʻp vaqt shugʻullanish bilan birgalikda, yaxshi dam olish ham sifatli dars qilish va oʻzlashtirishning kaliti hisoblanadi.

 

 

Laziza chet tillarini oʻrganish, SAT imtihoni uchun tayyorgarliklarda, asosan, sunʼiy intellekt vositalaridan foydalangan va bu orqali  o’z natijalarini yaxshilashga erishgan. U oʻz tengqurlariga ham mustaqil shugʻullanayotgan paytda turli AI vositalaridan unumli foydalanishni maslahat beradi.

 

Lazizaning oʻqish va ishlariga omad tilaymiz.

 

Eslatma! Avvalroq, buxorolik 11-sinf oʻquvchisi maksimal 189 ball bilan muddatidan oldin talabalikni naqd qilgani haqida xabar bergan edik.