2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda talabalar ishtirokidagi ijara shartnomalari ortib, ijarada yashayotgan talabalar soni 108 741 nafar ga yetgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida ijara xizmatlari hajmi 3,8 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,3 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida bo‘lib, 1,6 trln so‘mni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (386,8 mlrd so‘m), Samarqand (345,1 mlrd so‘m) va Farg‘ona (234,4 mlrd so‘m) viloyatlari joy olgan.
Yanvar–mart oylarida 507 mingga yaqin ijara shartnomasi hisobga qo‘yilgan. Ulardan 77,8 mingdan ortig‘i talabalar bilan tuzilgan bo‘lib, ijarada yashayotgan talabalar soni 108 741 nafarni tashkil etadi.
Shuningdek, talabalarga uy-joy ijaraga bergan fuqarolar daromadi soliqdan ozod etilgan. 2026-yil yanvar–mart oylarida ushbu yo‘nalishda 28,3 mlrd so‘m daromad solig‘i imtiyozi qo‘llanilgan.
Umuman olganda, ijara shartnomalari bo‘yicha 299 mlrd so‘m soliq hisoblangan. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasidagi shartnomalar soni mos ravishda 19 va 25 foiz atrofida o‘sgan.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil aprel oyida Toshkent shahrida ijara narxlari turlicha shakllangan.
Tahlillarga ko‘ra, o‘rtacha ijara narxlari quyidagicha:
— 1 xonali uylar — $400;
— 2 xonali uylar — $550;
— 3 xonali uylar — $700;
— 4 xonali uylar — $850.
Poytaxt bo‘yicha eng qimmat ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan. Nisbatan arzon hududlar esa Uchtepa va Bektemir tumanlari hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, ijarada yashovchi talabalar my.gov.uz portali orqali ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish uchun ariza topshirishi mumkin. Jarayon bo‘yicha batafsil ma’lumot ushbu havolada keltirilgan.
