Navoiy viloyatining Nurota tumanida 14 nafar voyaga yetmagan bolani Matiz avtomobilida olib ketayotgan oilaviy bog‘cha rahbari ishtirokida og‘ir YTH sodir bo‘ldi. YHXX ma’lumotiga ko‘ra, haydovchi ayol transport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqargan va hodisa oqibatida vafot etgan. Holat yuzasidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Xabar berganimizdek, Navoiy viloyatining Nurota tumanida oilaviy bog‘cha tarbiyalanuvchilari ishtirokida og‘ir YTH sodir bo‘ldi.
Sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi boʻyicha Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 5-may kuni soat 09:05 larda Navoiy viloyati, Nurota tumani, “Yangihayot” MFY hududidan oʻtuvchi mahalliy ahamiyatdagi 85V-043 avtomobil yoʻlining 8–9-kilometrlari oraligʻida haydovchi, 1992-yilda tugʻilgan G.Q., tegishli hujjatlarsiz “Matiz” rusumli avtomobilni boshqarayotib, tajribasizligi va chalgʻishi oqibatida rul boshqaruvini yoʻqotgan va yoʻlning chap tomoniga chiqib ketib, agʻdarilgan.
Hodisa oqibatida haydovchi G.Q. koʻrsatilgan muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan. Avtomobilda boʻlgan 14 nafar voyaga yetmagan yoʻlovchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
“Surishtiruvlar davomida G.Q. oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari sifatida faoliyat olib borgani maʼlum boʻldi. 14 nafar bolalarning “Matiz” avtomashinasida qoidalarga zid ravishda tashilishiga ularning ota-onalari ham eʼtiborsiz boʻlganini koʻrish mumkin” — deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, barcha haydovchilardan tegishli hujjatlarsiz transport vositasini boshqarmasliklarini hamda odam tashish qoidalariga qatʼiy amal qilishlarini, ota-onalardan esa voyaga yetmagan farzandlarini nazoratsiz qoldirmasliklarini, ularning xavfsizligini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratishlarini soʻralgan.
Viloyat MMTB ning holat yuzasidan bergan rasmiy munosabatiga ko‘ra, ushbu avtomashinada Nurota tumanida faoliyat yurituvchi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qarashli 14 nafar voyaga yetmagan bola, xususan, 13 nafar ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisi, bir nafar avtomashina haydovchisining uch oylik farzandi olib ketilayotgan bo‘lgan. Hodisa oqibatida jami 15 nafar shaxs jabrlangan.
“Jabrlangan bolalar zudlik bilan tibbiyot muassasalariga yetkazilib, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Hozirda bolalarning bir qismi viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida, qolganlari esa tuman tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Barcha bemorlar malakali shifokorlar nazorati ostida” — deydi rasmiylar.
Shu bilan birga, mazkur holat boshqarma tomonidan alohida nazoratga olingani, jabrlanganlarga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, zarur hollarda qo‘shimcha ixtisoslashtirilgan mutaxassislarni jalb etish ishlari sog‘liqni saqlash tizimi bilan hamkorlikda ta’minlangani maʼlum qilingan. Bolalar va ularning oila a’zolariga psixologik yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq, Samarqandda 24 nafar bog‘cha bolasini bitta mashinada tashigan haydovchi aniqlangan edi.
