Pedagoglarning davlat OTMlarida kunduzgi bakalavriatda tahsil olayotgan farzandlariga kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma berilishi belgilangan. Quyida chegirma kimlarga taalluqli ekani, qisman grant asosida o‘qiyotgan talabalarga qanday qo‘llanilishi, kontraktini oldindan to‘laganlar nima qilishi va to‘lov tartibi haqida batafsil ma’lumot beramiz.
Xabaringiz bor, hukumatning tegishli qarori bilan 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlarining kunduzgi bakalavriatida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi.
Bunda pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMlarida toʻlov-kontrakt asosida tahsil olayotgan boʻlsa, chegirma har bir farzand uchun alohida qoʻllaniladi.
Chegirma aynan kimlarga tegishli?
Mazkur imtiyoz Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 9-iyul bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 3849-raqami qo‘shma qarorda belgilangan Pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxatidagi xodimlarning farzandlariga tatbiq etiladi.
Ma’muriy-boshqaruv, texnik va xo‘jalik xodimlari mazkur pedagogik lavozimlar ro‘yxatiga kirmaydi. Shu sababli ota-onaning aynan pedagogik lavozimda ishlashi muhim. Masalan, maktabgacha ta’lim tashkilotidagi tarbiyachilar ham mazkur ro‘yxatdagi pedagogik lavozimlarga kiradi. Bog‘cha tarbiyachilarining kontraktda o‘qiyotgan farzandlari uchun ham 30% chegirma qo‘llanadi.
50 foiz grant, 50 foiz kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarga ham chegirma beriladimi?
Ha. Bunday holatda chegirma talabaning kontrakt asosida to‘lashi lozim bo‘lgan 50 foizlik qismiga qo‘llaniladi. Masalan, ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kontraktning 50 foizi davlat granti hisobidan qoplangan bo‘lsa, qolgan 50 foizlik qismning 30 foiziga chegirma beriladi.
Kontraktni oldindan to‘lab qo‘yganlar nima qiladi?
Agar talaba kontrakt summasini chegirma qo‘llanishidan oldin to‘lab qo‘ygan bo‘lsa, chegirmaga to‘g‘ri keladigan mablag‘ni qaytarish yoki keyingi o‘quv yili uchun hisobga o‘tkazish masalasi talabaning oliy ta’lim tashkilotiga bergan arizasiga ko‘ra hal qilinadi.
Chegirma qancha bo‘ladi?
Agar kontrakt summasi 100 foiz deb olinsa, uning 30 foizi chegirma qilinadi va talaba qolgan 70 foizini to‘laydi. Chegirmadan keyingi summani biryo‘la yoki belgilangan muddatlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin.
Bo‘lib-bo‘lib to‘lashda:
- dastlabki 25 foiz — 1-kursga tavsiya etilganlar uchun 15-oktyabrgacha, 2-kurs va undan yuqori bosqich talabalari uchun 1-oktyabrgacha;
- yana 25 foiz — 1-yanvargacha;
- qolgan 20 foiz — 1-martgacha to‘lanadi.
Shu tariqa talaba tomonidan kontraktning jami 70 foizi to‘lanadi. Qolgan 30 foiz esa chegirma sifatida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan oliy ta’lim tashkilotiga qoplab beriladi.
Chegirmaga ariza qanday topshiriladi?
Talaba kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali to‘lov-kontrakt shartnomasini olish bo‘yicha ariza yuboradi. Arizani ko‘rib chiqish jarayonida talabaning pedagog farzandi ekanligi elektron tarzda tekshiriladi. Ma’lumotlar tasdiqlangach, 30 foizlik chegirma avtomatik tarzda qo‘llaniladi. Arizalar ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Chegirma bir o‘quv yili davomida bir marta qo‘llaniladi.
Arizalar qachondan qabul qilinadi?
Hozirda kontrakt.edu.uz tizimida ota-onaning pedagogik faoliyatini avtomatik aniqlash uchun tegishli ma’lumotlar bazalarini idoralararo integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Arizalarni qabul qilish imkoniyati ishga tushirilgach, bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur chegirma ayrim toifadagi talabalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Bular:
- oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlarida;
- Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallarida;
- qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida;
- xorijiy hamkor OTMlarning qoʻshma taʼlim dasturlari asosida va fakultetlarida;
- nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Avvalroq, kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun bakalavriatdagi yillik kontrakt to‘lovining 30 foizi qoplab berish uchun uchun onlayn ariza berish mumkinligi haqida xabar berilgandi.
