Pedagog xodimlarga 1-oktyabr munosabati bilan qancha mukofot puli beriladi?

Pedagog xodimlarga 1-oktyabr munosabati bilan qancha mukofot puli beriladi?

Umumtaʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog va rahbar xodimlar 1-oktyabr munosabati bilan 1 mln 20 ming soʻmgacha mukofot puli oladi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 29-bandida umumtaʼlim muassasalari xodimlari, shu jumladan rahbar xodimlari faqat «1-oktyabr — O’qituvchi va murabbiylari kuni» munosabati bilan Jamgʻarmaning mavjud mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 foizigacha miqdorida mukofotlanishi mumkinligi qayd etilgan edi.

 

Prezidentning 2025-yil mart oyidagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qaroriga o‘zgartirish kiritildi.

 

Unga ko’ra, pedagog va rahbar xodimlarga beriladigan mukofot puli miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 75 foizigacha etib belgilandi.

 

Bunda mukofot puli miqdorini hisoblashda oʻqituvchining oylik maoshi emas, balki mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kelib chiqib hisob-kitob qilinadi.

 

Maʼlumot uchun, hozirgi kunda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming soʻmni tashkil qiladi.

 

Yaʼni, endi pedagog va rahbar xodimlarga «1-oktyabr — O’qituvchi va murabbiylari kuni» munosabati bilan 1 mln 20 ming soʻmgacha miqdorida mukofot puli beriladi.