Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani 124-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Mamashov Elyor IELTS 7.0 va SAT 1370 ballik xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga, u AQSHning 5 ta oliygohiga grant asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘quvchi IELTS’dan 7.0, SAT’dan esa 1370 ball to‘plagan. Mazkur natijalar unga AQSHning 5 ta universitetida grant asosida o‘qish imkoniyatini taqdim etdi. Jumladan, u “Westminster College”, “Roanoke University”, “Caldwell University”, “University of Lynchburg” va “Rowan University” kabi nufuzli ta’lim muassasalariga qabul qilingan.
Elyor yutgan grantlarning umumiy qiymati 506 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.
“Londonga borib kelganimdan keyin qiziqish uyg‘ondi”
Elyorning aytishicha, ingliz tiliga qiziqishi 8-sinfda boshlangan.
“Ingliz tilini 8-sinfligimda boshlaganman. Maktablar o‘rtasida ingliz tili musobaqasida maktabimiz 1-o‘rinni olganida Londonga borgandim. Shundan keyin chet elda o‘qish istagi paydo bo‘ldi”, – deydi u.
Shundan so‘ng, u o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, bosqichma-bosqich tayyorgarlikni boshlagan.
“YouTube’da “Osmondagi bolalar” kanali boʻlardi. Chet el institutlariga oʻqishga kirish va kirgan talabalarni olib chiqardi. Ana shu paytda chet elga kirish fikri kelgan va nimalar qilishimni aniqlashtirib olganman. Uydagilarim bu qarorimdan xursand boʻlishgan va qoʻlab quvatlashdi”.
Ingliz tilini 8-sinfda boshlagan o‘quvchi bir yil o‘tib CEFR topshirib ko‘rmoqchi bo‘ladi, va buni uddalaydi.
“9-sinfda birinchi bo‘lib CEFR’ga tayyorlanib, B2 darajasini qo‘lga kiritdim. Keyin esa 10-sinfda IELTS 7.0 natijaga erishdim. 11-sinfda esa SAT’dan 1370 ball olib, AQSH universitetlariga hujjat topshirdim. Shulardan, 5 tasiga grant asosida qabul qilindim”, – ta’kidlaydi o‘quvchi.
Tayyorgarlik: kuniga 3–4 soat mehnat
Elyorning aytishicha, u IELTS imtihoniga 1,5 yil, SAT imtihoniga esa 4,5 oy tayyorlangan.
Uning so‘ziga ko‘ra, u har kuni maktabdan keyin ingliz tilini mustaqil o‘rganishga alohida vaqt ajratgan:
“Kuniga 3–4 soat ingliz tili bilan shug‘ullanardim. Ko‘p ma’lumotlarni ingliz tilida qidirib, o‘rganishga harakat qilardim”, — deydi u.
U uchun “reading” qismi qiyinroq kechgani bois tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishga ko‘proq urg‘u bergan:
“IELTS va SAT reading savollari aynan tushunish ko‘nikmasini tekshiradi. Kitob mutolaa qilish orqali bu ko‘nikmani rivojlantirdim”, — deydi Elyor.
Shuningdek, u qo‘shimcha tayyorgarlik uchun koʻproq onlayn manbalar topishga harakat qilgan.
“Kurslarga borsam ham qoʻshimcha qilib “online resources” foydalanib, chet tilini yanada yaxshilashga harakat qilaman”.
“Boshida qiyin bo‘lgan, lekin to‘xtamaganman”
Elyor dastlab tayyorgarlik jarayonida boshida qiyin boʻlganini, hatto dars qilolmaganini bildirdi.
“Tengdoshlarimga qarasam mazza qilib oʻynab yurardi, men esa yolgʻizlikda dars qilardim. Shu sabab ancha tushkunlikka tushganman. Lekin ota-onamga qarab, hammasini unutardim. Chunki ular berayotgan imkoniyat va erkinlikka har kim ham erishavermaydi. Ularni ishonchini oqlash uchun harakat qilishim kerak deb oldinga borardim”, — eslaydi u.
Albatta, boshqalar kabi o‘quvchida ham imtihon topshirish vaqtida bo‘lgan hayajonini shunday ta’kidladi:
“Imtihonda har doim hayajon boʻlgan. Shu payt nima uchun kelganimni eslasam ozroq hayajonim bosilardi. Natijani kutishda esa kun oʻtishi qiyin boʻlgan. Ayniqsa, birinchi marta topshirganimda “nima boʻlarkin?” deb oʻylab chiqardim. Javobi chiqqanida esa juda xursand bo‘lganman, hayolimdan o‘tgan ilk hayol esa “ishonchni oqladim” bo‘lgan”.
Grantlar va kelajak rejalari
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Elyor yutgan grantlarning umumiy qiymati 506 ming AQSH dollarini tashkil etadi. U qo‘lga kiritgan grantlar quyidagicha:
‘‘Westminster College’’ — 116 000 AQSH dollari
‘‘Caldwell University’’ — 120 000 AQSH dollari
‘‘University of Lynchburg’’ — 120 000 AQSH dollari
‘‘Rowan University’’ — 76 000 AQSH dollari
‘‘Roanoke University’’ — 74 000 AQSH dollari
U kelgusida Westminster College’da “Economics and Business” yo‘nalishida o‘qishni rejalashtirmoqda.
“Bu universitet Massachusetts shtatida joylashgan. Bu maskanni tanlashimdan asosiy maqsad esa MIT va Harvard kabi nufuzli universitetlarda o‘qiydigan boshqa o‘zbekistonlik talabalar bilan fikr almashish imkoniyatidir”, — deydi u.
Faollik va qo‘shimcha loyihalar
Elyor nafaqat o‘qishda, balki jamoat ishlarida ham faol bo‘lgan. U Yoshlar ishlari agentligi bilan turli loyihalarda ishtirok etgan.
Shuningdek, o‘z hududida ingliz tilida “Zakovat” o‘yinlarini tashkil etib, bir o‘yinda 150 dan ortiq yoshlarni jamlagan.
“Maqsadingiz bo‘lsa, uni oxirigacha yetkazing”
Elyor o‘z tajribasidan kelib chiqib tengdoshlariga qo‘ygan maqsadlarida mahkam turib, oxirigacha borishlarini tavsiya qildi:
“Bir maqsad qo‘ysangiz, uni yarim yo‘lda tashlamang. Albatta, boshida qiyin bo‘ladi, lekin bu o‘tkinchi. Oxirigacha borsangiz, natija bo‘ladi”, — deydi u.
Elyorni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, AQSHdagi bir nechta universitetlarga grant yutgan buxorolik o‘quvchi, IELTS 7.5 va SAT 1540 ball sohibasi Nilufar Bozorova bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish
Shuningdek, 5 ta sertifikat va 3 ta TOP-100 universitetning “foundation” dasturiga qabul qilingan qashqadaryolik o‘quvchi Hilola Aliqulova bilan suhbat qilgan edik.
