“So‘nggi qo‘ng‘iroq” kuniga belgilangan milliy sertifikat imtihonlari bo‘yicha izoh berildi

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” kuniga belgilangan milliy sertifikat imtihonlari bo‘yicha izoh berildi

25-may — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kuni o‘tkazilishi belgilangan ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlari boshqa sanaga ko‘chirilmaydi. Agentlikka ko‘ra, imtihonlar faqat ikkinchi smenada tashkil etiladi.

 

Aprel va may oylarida bo‘lib o‘tadigan milliy sertifikat imtihoni uchun ruxsatnomalar e’lon qilinganidan so‘ng, tahririyatimizga ko‘plab murojaatlar kelib tushdi.

 

Chunki ona tili va adabiyot fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari 2026-yil 25-, 26-, 27-aprel hamda 2-, 3-, 4-, 11-, 12,-13- va 25-may kunlari o‘tkazilishi belgilangan edi.

 

Murojaatlarda 25-may kuniga qo‘yilgan imtihon bo‘yicha noroziliklar aks etgan. Talabgorlar ‘‘So‘nggi qo‘ng‘iroq’’ bayrami kuni milliy sertifikat imtihonlari bo‘lib o‘tishidan norozi edilar.

 

Men bitiruvchi 11-sinf o‘quvchisi bo‘laman. Men ona tili milliy sertifikat imtihoniga topshirgandim. Lekin imtihon sanasi 25-may kuniga to‘g‘ri kelib qolgan. Shuni oldinroq sanada bo‘ladigan imtihonga o‘tkazib bersangiz yaxshiroq bo‘lardi. Nimagaki, boshqa fanlardan ham imtihonlarim bor. Ularni o‘qishim uchun vaqt kerak. Bundan tashqari, 25-may kuni hayotda bir marta bitiruv kecham bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan oldinroq sanada bo‘ladigan imtihonga o‘tkazib bersangiz yaxshi bo‘lardi, – deyiladi bir murojaatda.

 

Mazkur savollar yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligiga bog‘landik. Agentlik xodimining Talimxabarlari.uz ga ma’lum qilishicha, imtihonlar faqat ikkinchi smenaga belgilangan. Shu sabab imtihonlar bitiruv tadbiriga xalaqit bermaydi.

 

Bundan kelib chiqadiki, 25-may kuniga belgilangan imtihonlar boshqa sanaga o‘tkazilmaydi va faqat ikkinchi smenada tashkil etiladi.

 

Avvalroq Bilim va malakalarni baholash agentligiga tayanib mart–aprel oylarida o‘tkazilgan biologiya, tarix va fizika fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari natijalari qachon e’lon qilinishi haqida xabar bergan edik.