Mart–aprel oylarida o‘tkazilgan biologiya, tarix va fizika fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari natijalari taxminan 6-may kuni e’lon qilinadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimi ma’lum qildi.
Xabaringiz bor, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 2026-yil 28-, 29-, 30-mart va 4-, 5-, 6-, 7-aprel kunlari biologiya, tarix va fizika fanlaridan navbatdagi milliy sertifikat imtihonlari o‘tkazilgan edi.
Imtihonlar talabgorlarga qulay bo‘lishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan.
Imtihonlarda jami 194 ming nafardan ziyod talabgor ishtirok etgan va 77 nafar talabgor tartib-qoidani buzgani uchun test sinovidan chetlatilgan.
Imtihon natijalari yigirma bir ish kuni ichida xalqaro metodika — Rash modeli asosida hisoblanib, e’lon qilinishi kerak.
Bilim va malakalarni baholash agentligi departamenti boshligʻi Nurmatov Javlonbek Talimxabarlari.uz saytiga natijalar taxminan 6-may kuni e’lon qilinishini ma’lum qildi. Biologiya, tarix va fizika fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari birga o‘tkazilganligi bois, 3 ta fan ham bir kunda e’lon qilinadi.
Natijalar e’lon qilingan kunda talabgorlar o‘z natijalarini @milliy_sertifikat_natijabot orqali bilishlari va sertifikatni elektron tarzda yuklab olishlari mumkin.
