Maktab remontiga o‘qituvchilarni aralashtirmaslikka harakat qilyapmiz — vazirlik xodimi

Maktab remontiga o‘qituvchilarni aralashtirmaslikka harakat qilyapmiz — vazirlik xodimi

Joriy yilning 21-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri maktab remonti masalasi mahalliy budjetga borib taqalishi va bu hokimliklar vakolatiga kirishini aytdi. U maktablarda remont uchun ota-onalardan pul yig‘ilishiga qat’iy qarshiligini bildirdi.

 

Vazir E’zoza Karimova maktablarni ta’mirlash uchun ota-onalardan pul yig‘ish amaliyoti qonunchilikda nazarda tutilmaganini alohida ta’kidladi.

 

“Maktabning ta’miriga ota-onadan pul yig‘ish belgilanmagan. Remontga pul yig‘ishga qat’iy qarshimiz. Chunki maktablarimizni ta’mirdan chiqarish yoki kapital remont qilish va hokazo masalalar mahalliy budjet mablag‘lariga borib taqaladi, bu hokimliklar vakolatiga kiradi”, — dedi vazir.

 

“O‘qituvchilar mardikor emas”

 

Anjumanda vazir o‘rinbosari Temur Komilov ham o‘qituvchilarni ta’mirlash ishlariga jalb qilish holatlariga munosabat bildirdi.

 

“O‘tgan yili tarmoqlarda chiqqan videolarni ko‘rganmiz, bu holatlarga yo‘l qo‘ygan tuman mudirlarining xatti-harakatiga murosa qilib bo‘lmaydi. Maktab o‘qituvchisi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida ta’mirlash ishlariga jalb qilinadigan mardikor emas. Buni qayta-qayta ta’kidlab kelyapmiz. Lekin vazirlik hokimiyat oldida kuchsizlik pozitsiyasini ko‘rsatyapti, degan fikringizga mutlaqo qo‘shilmaymiz”, — dedi u.

 

Uning ta’kidlashicha, ayni paytda bu masala ikkita yo‘l bilan hal etilyapti: mahalliy budjet mablag‘i hisobiga yoki Vazirlar Mahkamasining bir qancha qarorlariga asosan, maktablar o‘z budjetidan tashqari mablag‘laridan 50 foizini ishlatish imkoniyati ham mavjud.

 

Ta’mirlash ishlari qanday moliyalashtiriladi?

 

Vazir o‘rinbosarining ma’lumotiga ko‘ra, maktab va bog‘chalarni ta’mirlash ishlari bir nechta manbalar hisobidan amalga oshirilmoqda:

 

“Maktab va bog‘chalarni ta’mirlash ishlari bir qancha manbalar hisobidan amalga oshirilyapti. Birinchisi, “Tashabbusli budjet” loyihasi bo‘lib, unda yutayotgan loyihalarning juda katta qismi maktablarga to‘g‘ri keladi. Ikkinchisi, Moliya vazirligi tomonidan OTB, YTTB kabi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdagi “Mahallani rivojlantirish” loyihasidir. Uning doirasida ham imkon qadar har bir hududdan maktab va bog‘chalar qamrab olinib, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga mablag‘ ajratilyapti. Uchinchisi, har bir tuman va shaharga maqsadli mablag‘ ajratilayotganda ham maktab va bog‘chalar asosiy yo‘nalish bo‘lib turibdi”, — dedi Temur Komilov.

 

Davlat mablag‘lari hajmi

 

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil uchun davlat budjetidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi uchun 63,7 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Shundan, 84,7 foizi, ya’ni 53,969 trillion so‘mi 10 200 ta maktab, 7 000 ta davlat bog‘chasida faoliyat yuritayotgan 1 milliondan ziyod kontingentning maoshi hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu mablag‘lardan kapital qurilish ishlari, turli tanlovlar ham o‘tkaziladi.

 

Temur Komilovning ta’kidlashicha, mahalliy budjetning salmoqli qismi maktab va bog‘chalarga to‘g‘ri keladi. 2016−2026-yillarda bu muassasalarning kapital qurilishi, moddiy-texnik bazasiga 24 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

 

“Buni eski davr bilan solishtirish uchun aytmayapman, ammo 2016-yildan oldingi yillarda maktablarga ajratiladigan mablag‘lar markazlashgan holda trillionga yetmaydigan darajada, ya’ni 300−400 milliard so‘m bo‘lgan. To‘g‘ri, hozir ham kamchiliklar, mablag‘ yetishmayotgan holatlar bor. Lekin biz bu kabi masalalarni viloyatlar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda yechishga harakat qilyapmiz, “yig‘di-yig‘di”lar va remont masalasi o‘qituvchilarning bo‘yniga tushmaslik bo‘yicha ishlar olib boryapmiz”, — deydi vazir o‘rinbosari.

 

Shuningdek, vazirlik vakillari noqonuniy pul yig‘ish yoki o‘qituvchilarni majburiy ishlarga jalb etish holatlari aniqlansa, fuqarolarni murojaat qilishga chaqirdi.

 

“Agar bunday holatlar kuzatilsa, vazirlikka murojaat qiling. Bu kabi amaliyotlarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlaymiz”, — deya ta’kidladi vazir o‘rinbosari.

 

Avvalroq, vazir bolalar bogʻchalarida tarbiyalanuvchilarga nisbatan zoʻravonlik holatlari shunchaki ishdan boʻshatish bilan yakunlanmasligini maʼlum qilgani haqida xabar bergan edik.