B2 va C1 darajali yoshlar uchun boj va to‘lovlar 50 foizgacha qisqartiriladi

B2 va C1 darajali yoshlar uchun boj va to‘lovlar 50 foizgacha qisqartiriladi

Prezidentning yangi farmoni bilan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi doirasida 2030-yilgacha o‘quv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming yoshning xorijiy til bilimini B2 darajaga olib chiqish va 900 ming nafar yoshni volontyorlikka jalb etish rejalashtirilgan. Hujjatda yoshlar uchun grant, ssuda va to‘lov imtiyozlari, davlat xizmatiga qabulda yangi tartiblar hamda tadbirkorlik va infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator yangi mexanizmlar belgilandi.

 

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident Farmoni (PF–66-son, 20.04.2026-y.) qabul qilindi.

 

Strategiyada 2030-yilga qadar o‘quv markazlari soni 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish va 900 ming yoshni volontyorlik harakatiga jalb etish maqsad qilingan.

 

Bunda olis va chekka hududlarda o‘quv markazlarini ochish uchun 300 million so‘mgacha ssuda, ijtimoiy faol yoshlarga esa volontyorlik jamg‘armasidan 100 million so‘mgacha grantlar ajratiladi.

 

B2 darajadagi sertifikatga ega yoshlar uchun xorijga chiqish pasporti boji, C1 darajasi va tadbirkorlik tashabbuslari uchun esa ayrim davlat xizmatlari to‘lovlari 50 foizgacha kamaytiriladi.

 

Hududlarda kitob do‘konlari va “Book-kafe”larni o‘zida jamlagan maxsus “Yoshlar ko‘chalari” barpo etiladi. Shuningdek, yoshlar infratuzilmasining minimal standartlari belgilanib, har bir hududdan namuna sifatida “Yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olinadi.

 

2026-yil 1-iyuldan boshlab yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuv joriy etiladi. Endilikda suhbat savollari kamida bir oy oldin e’lon qilinadi, shuningdek, zamonaviy kasblar reyestri va ular bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ayrim toifadagi yoshlarning o‘qish va imtihon xarajatlari esa “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

 

Dastur doirasida yoshlar saralab olinadi, ularga biznes loyiha ishlab chiqish, savdoga chiqish va bozorni kengaytirish bo‘yicha bilim beriladi. Yakunda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 1 ming nafar yoshga Agentlik sertifikati topshiriladi.

 

Mazkur sertifikatga ega yoshlar BHMning 500 baravarigacha miqdorda, Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida, 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha ssuda olish imkoniga ega bo‘ladi.

 

Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan yoshlar tashkil etgan tadbirkorlik subyektlarini elektr, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlariga ulash xarajatlarining BHMning 10 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. 1-avgustdan esa rahbari yoshlar bo‘lgan yangi fermer xo‘jaliklariga 2 yil davomida bepul buxgalteriya xizmati ko‘rsatiladi.