Bir yilda keskin o‘sish: 2026-yilda xususiy oliygohlarda talabalar soni 620 mingdan oshdi

Bir yilda keskin o‘sish: 2026-yilda xususiy oliygohlarda talabalar soni 620 mingdan oshdi

2026-yil 20-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 74 ta xususiy universitetda 620 581 nafar talaba tahsil olmoqda. Bu haqda tanga.uz xabar berdi.

 

Bu ko‘rsatkich 2025-yil boshiga nisbatan qariyb 105 ming nafarga oshgan bo‘lib, xususiy oliy ta’lim sektorida jadal o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatadi.

 

Bir yilda 100 mingdan ortiq o‘sish

 

2025-yil 11-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatdagi 70 ta xususiy universitetda 515 634 nafar talaba tahsil olgan. Oradan bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tib, xususiy universitetlar soni 74 taga, talabalar soni esa 620 mingdan oshdi.

 

E’tiborga molik jihatlardan biri — ta’lim shakllari tarkibidagi o‘zgarish.

 

2025-yil boshida xususiy universitetlarda tahsil olayotganlarning 70 foizi (363 ming nafari) sirtqi ta’lim shaklida o‘qigan bo‘lsa, 2026-yilga kelib bu ko‘rsatkich 57 foizga (353 992 nafar) tushgan.

 

So‘nggi bir yilda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotganlar soni 47 foizga oshib, 227 888 nafarga yetgan.

 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, xususiy universitetlarda tahsil olayotgan talabalarning 60 foizini ayollar tashkil etadi.

 

Talabalarning to‘lov shakli kesimida esa jami talabalarning atigi 0,24 foizigina grant asosida o‘qiydi.

 

Eng ko‘p talabaga ega oliygohlar

 

2026-yil 20-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda eng ko‘p talabaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari quyidagilar:

 

1. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (davlat) — 48 919

2. Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (xususiy) — 37 144

3. ISFT instituti (xususiy) — 35 139

4. University of Business and Science (xususiy) — 34 793

5. O‘zbekiston Milliy universiteti (davlat) — 32 666

 

E’tiborli jihati shundaki, avvalgi yilda TOP 5 talikda bo‘lmagan “University of Business and Science” oliygohi bu yil to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

 

Shuningdek, ISFT instituti talabalari soni bir yil ichida 5 578 nafarga ko‘paygan.

 

Ma’lumot uchun, 2026-yil 20-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 207 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularning:

 

101 tasi — davlat

74 tasi — xususiy

32 tasi — xorijiy OTM

 

Ulardagi jami talabalar soni 1 mln 617 ming nafarni tashkil etmoqda va ularning 55 foizini ayollar tashkil etadi.

 

Avvalroq, vazirlikning tegishli platformasiga tayanib O‘zbekistondagi oliygoh va talaba soni bo‘yicha statistik ma’lumot chiqarilgandi.