Namangan viloyati Kosonsoy tumani chegara hududida joylashgan 49-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi Ishokjonova Zaynabbegim IELTS imtihonidan 7.0 ballik sertifikatni qo‘lga kiritdi. U o‘tgan yili 6.5 natija qayd etgan bo‘lsa, bu yil o‘z ustida ishlash orqali natijasini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.
Xususan, u Listening’dan 8.0, Speaking’dan 7.0, Reading va Writing’dan esa 6.0 ball oldi.
O‘quvchining aytishicha, u ingliz tilini 2–3-sinfdan boshlab o‘rganishni boshlagan va turli xalqaro olimpiadalar (Hippo, Spelling bee kabilar)da qatnashib kelgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.
“Kamchiliklarimni topib, ustida ishladim”
Natijasini yangilayotganda o‘quvchi “listening” va “speaking” bo‘limlarida qiyinchiliklar bo‘lganini ta’kidladi:
“To‘g‘risini aytsam, biroz qiyinchiliklar bo‘ldi. Ayniqsa, “listening” va “speaking” qismlarini ko‘tarishda. Shu qismlardagi kamchiliklarni topib, ustida ishlaganim menga foyda berdi”, – deydi u.
“Asosiy o‘zgarish — intizom bo‘ldi”
Zaynabbegim bu safar tayyorgarlik jarayonini boshqacha tashkil qilganini aytadi:
“Asosiy o‘zgartirgan narsam — tayyorgarlikdagi intizom bo‘ldi. Oldin ko‘proq umumiy tayyorlangan bo‘lsam, bu safar har bir ko‘nikma bo‘yicha alohida reja tuzdim. Ko‘proq vaqtimni “listening” va “speaking”ga ajratdim. Kuniga o‘rtacha 2-3 soat muntazam tayyorlandim”.
“Quloqlarimni ingliz tiliga moslashtirdim”
“Listening” bo‘yicha sezilarli o‘sishga (6.5 dan 8.0 ga) erishgan o‘quvchi qolgan qismlarga qaraganda yengilroq o‘tgani uchun bu ko‘nikmani yoqtirishini bildirdi.
“Aslida “Listening” qismi — men eng yoqtirganlarimdan biri. Chunki aynan shu qism qolganlarga nisbatan ancha yengilroq va kamroq harakat talab qiladi. Shunchaki eshitib, ma’nosini anglab javob yoziladi. Lekin bu ham to‘g‘ri yondashuv talab qiladi.
Masalan, sinonim so‘zlarni bilmaslik, bu qismda baland ball olishga to‘siq bo‘ladi. Men esa bu ko‘nikmani oshirish uchun quloqlarimni ingliz tiliga moslashtirdim. Ya’ni doimiy tarzda ingliz tilida podkastlar, tele-shoular va mashhur insonlarning intervyularini ko‘rib, eshitib bordim”, – deydi u.
Uning fikricha, sinonim so‘zlarni bilish va eshitish orqali tushunishni rivojlantirish bu qismda yuqori ball olish uchun muhim hisoblanadi.
“Speaking’da ko‘proq tahlil qildik”
“Speaking” bo‘yicha tayyorgarlikda esa ustoz bilan ishlash muhim rol o‘ynagan:
“To‘g‘risi, unchalik ko‘p tayyorgarlik ko‘rganim yo‘q. Ustozimiz bilan 9 darajali “speaking” testlarini ko‘rib, bittalab tahlil qilib chiqardik. Ya’ni, imtihondagi savollarga javob berish jarayonida ishlatilgan murakkab so‘zlar, to‘g‘ri talaffuz etilgan so‘zlar va gaplarni ulashda nimalardan foydalanilayotganini yozib borardik. Bularni o‘zimiz ham ishlatishga harakat qilardik. Bundan tashqari, har hafta ustozimiz har birimiz uchun “speaking mock” lar tashkillashtirar edilar. Har birimizning javoblarimizdan kelib chiqib, “feedback” berardilar. Bu esa o‘zimizning xatolarimizni takrorlamasligimiz uchun foyda”, – eslaydi o‘quvchi.
“Menda hayajon bo‘lmadi”
Ko‘pchilik uchun speaking qismi hayajonli bo‘lsa-da, o‘quvchi bu borada o‘zini erkin tutganini aytadi:
“Menda umuman hayajon bo‘lmadi, lekin qo‘rquvim hind examiner tushib qolishi edi. Ammo menga pokistonlik examiner tushdi. Suhbat jarayonida u menga yaxshi muomalada bo‘lgani va gaplarimni ma’qullab turgani men uchun ancha foyda bo’ldi”.
Uning aytishicha, suhbat jarayonidagi qulay muhit natijaga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
“IELTS menga yangi imkoniyatlar ochdi”
Zaynabbegimning aytishicha, IELTS natijasi uning kelajak rejalari uchun muhim ahamiyatga ega:
“IELTS albatta menga juda ko‘p imkoniyatlar beradi. Ayniqsa, shu kelayotgan 3 oy ichida men kirishni juda xohlayotgan va topshirmoqchi bo‘lgan Al-Beruniy maktabi imtihonlarida 50% ballni oldindan olishimga imkon berdi. Hozircha men egallashni xohlayotgan kasb bu Data-analyst, ya’ni IT va ingliz tiliga ixtisoslashgan kasb”, – deydi u.
Bu esa uning natijani yaxshilashga bo‘lgan motivatsiyasini oshirgan.
Izoh: Data-analyst (Ma’lumotlar tahlilchisi) – bu katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘uvchi, qayta ishlovchi va tahlil qiluvchi mutaxassis.
Ayni paytda o‘quvchi o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda:
“Hozirda matematika va fizika fanlaridan onlayn tarzda shug‘ullanyapman va albatta imtihonlarimdan muvaffaqqiyatli tarzda o‘tib olsam, ingliz tili darajamni oshirishda ham davom etaman”.
Zaynabbegimni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, 9-sinf o‘quvchisi IELTS 8.5 (C2), Namanganda 4-sinf oʻquvchisi CEFR B2 va Farg‘onada 2-sinf o‘quvchisi CEFR B2 darajali sertifikatni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
