Jizzax viloyatining Zomin tumanida maktab va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 4 nafar o‘quvchi ishtirokida sodir etilgan huquqbuzarlik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda ‘‘Mahalla’’ telekanlida uzatilgan videolavhada ma’lum qilingan.
Ma’lum qilinishicha, voqea 6-aprel kuni kechki payt ‘‘Qo‘rg‘on MFY’’ hududidagi ko‘p qavatli uylar birinchi qavatida joylashgan kompyuter o‘yinlari markazida yuz bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2008–2009-yillarda tug‘ilgan bir guruh o‘quvchilar spirtli ichimlik ta’sirida jamoat tartibini buzib, bezorilik qilgan.
Ular vaziyatga aralashib, tartibni tiklashga uringan fuqarolarga qarshilik ko‘rsatgan.
Shunday fuqarolardan biri, 2000-yilda tug‘ilgan shaxsga nisbatan ushbu o‘quvchilar tomonidan zo‘ravonlik ishlatilgan. Jabrlanuvchiga qo‘l-oyoqlar hamda pichoq bilan tan jarohati yetkazilgan.
Shuningdek, tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchilar jabrlanuvchini qo‘rqitib, undan 400 ming so‘m talab qilgani ham aniqlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 4 nafar shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi va 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilarning ikki nafari avval ham sudlangan.
Avvalroq, Andijonda 2011-yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchilari noqonuniy dori iste’mol qilgani aniqlanganligi haqida xabar bergan edik.
