Samarqanddagi noqonuniy faoliyat olib borayotgan bogʻchada 2 yoshga yetmagan bola ayovsiz kaltaklanib, orqa qismi momataloq boʻlib tashlanishi ortidan kasalxonaga tushib qolgan. Holat yuzasidan viloyat MMTB tomonidan tegishli huquq-tartibot idoralariga xat yuborilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahar “Shodiyona” MFY, Iftixor koʻchasi, 156-uy, 2-xonadonda “Malenkaya strana” nomi bilan faoliyat yuritayotgan bogʻchada 1 yosh-u 9 oylik bola bogʻcha xodimlari nazorati ostida boʻlgan vaqtda unga tan jarohati yetkazilganligi haqida xabar tarqaldi.
Unda aytilishicha, bogʻcha xodimlaridan video-kuzatuv kamera yozuvlari soʻralganda ular tomonidan rad javobi berilgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat MMTB rasmiy munosabat bildirdi. Maʼlum qilinishicha, bogʻchadagi ushbu vaziyat Samarqand shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi xodimlari tomonidan oʻrganilgan. Oʻrganish davomida mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati bilan shugʻullanish uchun maktabgacha taʼlim sohasida “Davlat xususiy sherikchilik toʻgʻrisida”gi bitim tuzmasdan noqonuniy ravishda bolalar bogʻchasi faoliyatini tashkil etib, 28 nafar bolalarni qabul qilganligi aniqlangan.
“Mazkur holat yuzasidan xonadon egasining xatti-harakatlariga huquqiy baho berishni soʻrab, boshqarma tomonidan viloyat prokuraturasiga, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasiga, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga, viloyat Davlat soliq boshqarmasiga, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining viloyat boshqarmasiga xat yuborildi” — deyiladi rasmiy xabarda.
