Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025–2026-o‘quv yili uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilarining yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari fanlari, sanalari hamda ularni o‘tkazish tartibini belgiladi. Hujjatga ko‘ra, 9-sinflar uchun 4 ta, 11-sinflar uchun esa 3 ta majburiy fan hamda tanlov fanlari bo‘yicha imtihonlar o‘tkaziladi.
Yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari o‘tkazilish kunlari
11-sinf bitiruvchilari 3 ta majburiy va 2 ta (Matematika (Chuqurlashtirilgan) variantini tanlagan oʻquvchilar uchun 1 ta) tanlov fanlaridan imtihonlar topshiradi.
Matematika fanidan 11-sinf bitiruvchilari berilgan 2 ta variantdan birini tanlashlari mumkin. Bunda:
- Matematika (Asosiy): Umumtaʼlim dasturidagi asosiy bilim va koʻnikmalar baholanadi.
- Matematika (Chuqurlashtirilgan): Umumtaʼlim dasturidagi сhuqurlashtirilgan bilim va koʻnikmalar baholanadi.
11-sinfda oʻquvchining ixtiyoriga koʻra tanlov fanlar yakuniy davlat attestatsiyasi oʻtkazilishidan bir oy oldin uning arizasiga koʻra tanlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi umumtaʼlim maktablarida davlat tili imtihoni oʻzbek tilida tashkil etiladi. Taʼlim tili qoraqalpoq tilida boʻlgan maktab oʻquvchilari davlat tili fanidan imtihonni qoraqalpoq tilida topshirishlari mumkin.
Berilgan topshiriqlardan yakuniy davlat attestatsiyasi oʻtkazilishi belgilangan kundan bir kun oldin, ishchi guruh tomonidan qurʼa tashlash yoʻli bilan 2 ta variant tuzilib, eʼlon qilinadi.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tasarrufidagi taʼlim muassasalari oʻzining taʼlim yoʻnalishi, oʻquv jarayonining xususiyatlari hamda ichki tartib qoidalaridan kelib chiqib, yakuniy davlat attestatsiyasi imtihon sanalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.
9-sinflar uchun imtihon topshirish tartibi:
Ona tili va adabiyot
Imtihon yozma shaklda bo‘ladi. O‘quvchiga 10 ta topshiriq beriladi. Shundan 6 tasi ona tilidan, 4 tasi adabiyotdan bo‘ladi. Savollar orasida qoidani bilish, qo‘llash va fikrlab javob berish topshiriqlari bo‘ladi. Bajarish uchun 180 daqiqa vaqt ajratiladi.
Davlat tili
Bu imtihon ta’lim tili o‘zbek bo‘lmagan sinflar uchun o‘tkaziladi. Imtihon yozma shaklda bo‘ladi. O‘quvchiga 5 ta topshiriq beriladi. Savollar til qoidalari, imlo, gap tuzilishi va matnni tushunish bo‘yicha bo‘ladi. Vaqt — 180 daqiqa.
Matematika
Imtihon yozma shaklda o‘tadi. Jami 20 ta savol beriladi: 12 tasi algebra, 8 tasi geometriyadan. Savollarning bir qismi oddiy bilimni, bir qismi masala yechishni, yana bir qismi fikrlab ishlashni tekshiradi. Vaqt — 180 daqiqa.
O‘zbekiston tarixi
Bu fan yozma va og‘zaki shaklda o‘tadi. Jami 5 ta topshiriq bo‘ladi. Shundan 1 tasi mulohaza asosidagi savol bo‘lib, o‘quvchi uni og‘zaki topshiradi. O‘quvchi bilet tortadi, 15–20 daqiqa tayyorlanadi va 3 daqiqa davomida javob beradi. Umumiy vaqt — 180 daqiqa.
Jismoniy tarbiya
Imtihon amaliy shaklda bo‘ladi. O‘quvchi nazariya emas, amalda topshiriq bajaradi. Har bir biletda 3 ta topshiriq bo‘ladi: yengil atletika, gimnastika va sport o‘yinlaridan bittadan. Qizlar va o‘g‘il bolalar uchun alohida biletlar tayyorlanadi.
11-sinflar uchun majburiy fanlar bo‘yicha imtihonlar tartibi:
Ona tili va adabiyot
Imtihon yozma shaklda bo‘ladi. Jami 15 ta topshiriq beriladi. Birinchi qismda 13 ta qisqa javobli savol bo‘ladi. Ikkinchi qismda 2 ta batafsil yozma javob talab qilinadigan topshiriq bo‘ladi. Bu fan bo‘yicha o‘quvchining til qoidalari, matnni tushunishi va adabiy tahlili tekshiriladi. Vaqt — 180 daqiqa.
Davlat tili
Bu ham ta’lim tili o‘zbek bo‘lmagan sinflar uchun. Imtihon yozma shaklda bo‘ladi. Jami 20 ta topshiriq beriladi. Birinchi qismda 17 ta qisqa javobli savol, ikkinchi qismda 3 ta kengaytirilgan javobli topshiriq bo‘ladi. Vaqt — 180 daqiqa.
Matematika (asosiy)
Imtihon yozma shaklda o‘tadi. O‘quvchiga 20 ta savol beriladi: 12 tasi algebra, 8 tasi geometriya. Bu variant oddiy umumta’lim dasturi darajasidagi bilimlarni tekshiradi. Vaqt — 180 daqiqa.
Matematika (chuqurlashtirilgan)
Bu ham yozma shaklda bo‘ladi, lekin savollar murakkabroq. Jami 25 ta topshiriq beriladi: 15 tasi algebra, 10 tasi geometriya. Bu variantni tanlaganlar chuqurroq bilim bo‘yicha baholanadi. Vaqt — 180 daqiqa. Bu variantni tanlagan o‘quvchi odatda 2 ta emas, 1 ta tanlov fanidan imtihon topshiradi.
O‘zbekiston tarixi
11-sinfda tarix imtihoni yozma shaklda bo‘ladi. Jami 20 ta test topshirig‘i beriladi. Savollar bilim, qo‘llash va mulohaza qilishga doir bo‘ladi. Vaqt — 180 daqiqa.
11-sinf oʻquvchilari uchun tanlov fanlari imtihonlari:
Fizika
Imtihon yozma shaklda bo‘ladi. Jami 20 ta topshiriq beriladi. Savollar nazariy bilim, masala ishlash va fikrlab javob berish ko‘nikmasini tekshiradi. Vaqt — 180 daqiqa.
Kimyo
Imtihon yozma shaklda o‘tadi. Jami 20 ta topshiriq bo‘ladi. Savollar umumiy kimyo, organik kimyo, anorganik kimyo va laboratoriya mashg‘ulotlari mavzularidan tuziladi. Vaqt — 180 daqiqa.
Biologiya
Imtihon yozma shaklda bo‘ladi. Jami 20 ta topshiriq beriladi. Savollar tirik tizimlar, hujayra, organizm, odam salomatligi, evolyutsiya va ekotizimlarga oid mavzularni qamrab oladi. Vaqt — 180 daqiqa.
Geografiya
Imtihon yozma shaklda o‘tadi. Jami 20 ta topshiriq beriladi. Savollar boshlang‘ich geografiya, materik va okeanlar, O‘rta Osiyo va O‘zbekiston geografiyasi, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya hamda geografik masalalarni o‘z ichiga oladi. Vaqt — 180 daqiqa.
Davlat va huquq asoslari
Imtihon yozma shaklda bo‘ladi. Jami 20 ta topshiriq beriladi. Savollar 8–11-sinflar mavzulari asosida tuziladi. Vaqt — 180 daqiqa.
Chet tili
Bu fan boshqalardan farq qiladi. Imtihon ikki qismdan iborat bo‘ladi: yozma qism — tinglab tushunish, o‘qib tushunish, grammatika-leksika va yozish; og‘zaki qism — gapirish ko‘nikmasi. Jami 32 ta topshiriq bo‘ladi. Yozma qism 90 daqiqa, og‘zaki qism 10 daqiqa, umumiy vaqt 100 daqiqa.
Shuningdek, 9- va 11-sinf bitiruvchilari uchun attestatsiya imtihonlari kunlari e’lon qilindi.
