Bugun, 15-aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida yangi farmon mazmuni va tizimdagi islohotlar ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari diplomlarini xorijda tan olish bo‘yicha muhim ma’lumotlarni ochiqladi.
Vazirning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston bilan bu boradagi muzokaralar allaqachon yakuniy bosqichga yetgan.
“Qirg‘iziston tayyor, ular oldindan biz bergan taklifimizni qabul qilgan. Kecha ham vazir o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ikki kun oldin Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan kongress o‘tkazdik. Asosiy maqsad ham shu edi”, — dedi vazir.
Shu bilan birga, Qozog‘iston tomoni ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, biroq jarayon hali to‘liq yakunlanmagan.
“Qozog‘iston biz bergan taklifni og‘zaki tan oldi, lekin ularning o‘z Oliy Majlisi bor. Shu yerda tasdiqlangandan keyin bizga taklif kiritadi”, — ta’kidladi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
Qirg‘iziston bilan esa diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuv yaqin orada rasmiylashtiriladi.
“Qirg‘iziston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri diplomlarni tan olish bo‘yicha kelishuvimizni iyul oyida imzolaymiz”, — dedi u.
Oliy ta’lim vaziri boshqa davlatlar bilan ham bu yo‘nalishda hamkorlik kengayib borayotganini qayd etdi. Xususan, Turkmaniston ayrim universitetlar diplomlarini tan olishga tayyor ekanini bildirgan.
“Turkmaniston TOP 1000 talikka kirgan universitetlaringizni diplomlarini biz tan olamiz deyapti. Demak, gap hamma diplom haqida emas, balki sifatli ta’lim berayotgan universitetlar haqida ketmoqda”, — dedi vazir.
Shuningdek, u Markaziy Osiyo davlatlaridan kelib O‘zbekistonda tahsil olayotgan talabalar soni ham ortib borayotganini ta’kidladi.
“Bugungi kunda 23,5 ming nafar talabaning ichida O‘rta Osiyoning deyarli barcha hududlaridan kelib o‘qiyotgan yoshlarimiz bor”.
Matbuot anjumanida diplomlarning tan olinishi qaysi davrdan boshlab amal qilishi masalasiga ham aniqlik kiritildi.
“Qabul qilingan kundan boshlab o‘tadi. Oldingilari hisobga olinmaydi. Oldinlari tan olish haqida gap ham yo‘q edi”, — izohladi u.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov bu borada xalqaro maydondagi kelishuvlar ham muhim rol o‘ynayotganini qayd etdi. Xususan, O‘zbekiston o‘tgan yili UNESCO tadbirida Tokio konvensiyasiga qo‘shilgan.
“U yerda 40 ga yaqin davlatlar bilan diplomlarni tan olish bo‘yicha hujjat imzolandi. Bu ro‘yxatda Yaponiya hamda Yevropa davlatlari ham bor. Bu degani — 40 ta davlat bizning diplomlarimizni tan oladi degani. Agar butun dunyoga diplom o‘tadi deydigan bo‘lsak, universitetlarimizdagi ta’lim yo‘nalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishimiz kerak. Shunda diplomlar butun dunyoda tan olinadi”, — ta’kidladi vazir.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, universitetlarni xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarga olib chiqish ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
“TOP-1000 talikka kiradigan universitetlar qatoriga kiritib olsak, bu investitsiya va eksport nuqtayi nazaridan katta imkoniyat beradi”, — deya xulosa qildi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
Avvalroq, mazkur anjumanda oliy taʼlimdagi korrupsiyaviy holatlar statistikasi maʼlum qilingani haqida xabar bergan edik.
