Oliy taʼlim toʻgʻrisidagi yangi nizom tasdiqlandi. Unga koʻra, oliy taʼlim tashkilotlari universitet, institut, akademiya, konservatoriya, oliy maktab, filial va qonunchilik hujjatlariga muvofiq maqomi (statusi) ularga tenglashtirilgan boshqa oliy taʼlim tashkilotlariga boʻlinadi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 10-martdagi 99-son buyrugʻiga muvofiq, Oliy taʼlim toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Avvalgi tartibga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari asosan uch tur — universitet, institut va akademiyadan iborat edi. Yangi nizom bilan esa tizim kengaytirilib, quyidagi turlar kiritildi:
– universitet;
– institut;
– akademiya;
– konservatoriya;
– oliy maktab;
– filial.
Unga koʻra, oliy taʼlim tashkilotlarining turlari quyidagicha belgilanadi:
– universitet – oliy taʼlimning kamida uchta taʼlim sohasida hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan yuqori darajada shugʻullanuvchi yirik oliy taʼlim tashkiloti;
– institut – oliy taʼlimning kamida ikkita taʼlim sohasida hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanuvchi oliy taʼlim tashkiloti;
– akademiya – oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning muayyan yoʻnalish va mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda muayyan yoʻnalish boʻyicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkiloti;
– konservatoriya – musiqa sanʼati sohasi boʻyicha oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni, ushbu soha boʻyicha kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ilmiy tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkiloti;
– oliy maktab – taʼlimning muayyan yoʻnalish va mutaxassisliklari boʻyicha amaliy mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkiloti;
– filial – oliy taʼlimning ehtiyoj yuqori boʻlgan yoʻnalish va mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkilotining hududlarda tashkil etilgan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 207 ta OTM faoliyat yuritmoqda, ulardan 125 tasi universitet, 43 tasi institut, 33 tasi filial, 5 tasi akademiya va 1 tasi konservatoriya hisoblanadi.
