O‘qishga ikkinchi va undan keyingi marta topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar hamda oʻqishini koʻchirmoqchi boʻlgan talabalar OTMlarga kirish imtihonlari va oʻqishni koʻchirish test sinovlarida qatnashish uchun to‘lov qilishlari kerak bo‘ladi.
Ushbu to‘lov miqdori o‘tgan yilgi imtihonlarda oshirilib, 187 500 so‘mni tashkil qilgan edi. Undan oldingi o‘quv yilida bu miqdor 170 000 so‘m bo‘lgan.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan toʻlov summasi bazaviy hisoblash miqdoriga qarab belgilanadi. Amaldagi tartibga koʻra, yuqorida taʼkidlab aytilgan talabgorlar test sinovlarida ishtirok etish uchun BHMning 50 foizi miqdorida toʻlov qilishi lozim.
Joriy yilgi imtihonlarda ham ushbu to‘lov miqdori oshadi. Chunki 2025-yil iyun oyida ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida prezident farmoni e’lon qilingan edi.
Unga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdori – 412 000 so‘m etib belgilangan. Demak, uning 50 foizi ham joriy yilgi imtihonda qatnashish to‘lovi ham 206 000 so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, quyidagi abituriyentlar toʻlovdan ozod etilgan hisoblanadi:
– oʻqishni test oʻtkazilayotgan yili tugatgan bitiruvchilar;
– nogironligi boʻlgan shaxslar;
– mehribonlik uylari bolalari;
– bolalar shaharchasining bitiruvchilari;
– “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari;
– “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi yoshlar.
Avvalroq, joriy yilgi qabul uchun test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlangan edi.
