Turkiya 3 yillik bakalavr ta’lim tizimiga o‘tmoqchi: bu global tajribaga qanchalik mos?

Turkiya 3 yillik bakalavr ta’lim tizimiga o‘tmoqchi: bu global tajribaga qanchalik mos?

Turkiya Oliy ta’lim kengashi bakalavr bosqichini 4 yildan 3 yilga qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kengash raisi Erol Özvar ma’lum qilgan. Bu tajriba Germaniya, Fransiya, Italiya kabi davlatlarda amalda qo‘llanilmoqda.

 

Yangi yondashuvga ko‘ra, asosiy e’tibor nazariy bilimlardan ko‘ra amaliy ko‘nikmalarga qaratiladi.

 

“Universitetlar yillar davomida mazmuni o‘zgarmagan o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Zamonaviy talabga moslashtirilgan yangi tizim zarur.” — deydi Oliy ta’lim kengashi raisi Özvar.

 

Unga ko‘ra, eski va amaliyotdan uzilgan fanlar qayta ko‘riladi, sektor bilan aloqasi yo‘q dasturlar yangilanadi yoki bekor qilinadi, ta’lim mazmuni zamonga moslashtiriladi.

 

Özvarning ta’kidlashicha, yangi tizim orqali universitetlarni zamonaviylashtirish, amaliy ko‘nikmalarni kuchaytirish hamda talabalarni mehnat bozoriga yaqinlashtirish rejalashtirilgan.

 

Biroq bu yangilik mutlaqo yangi tizim emas. Aksincha, Turkiya tajribasi dunyodagi mavjud tizimlarga yaqinlashish sifatida baholanmoqda.

 

Misol uchun, Yevropa oliy ta’lim maydoni (European Higher Education Area) doirasida Bologna Process bo‘yicha bakalavr darajasi ko‘pincha 180 ECTS bilan belgilanadi.

 

Bu esa odatda 3 yillik bakalavrga to‘g‘ri keladi — bu Germaniya, Fransiya, Italiya kabi ko‘plab davlatlarda amalda qo‘llanadigan standartdir.

 

Shuningdek, Buyuk Britaniyada bakalavr dasturlari ham odatda 3 yil davom etadi va bu amaldagi asosiy model hisoblanadi. So‘nggi yillarda esa hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan 2 yillik tezlashtirilgan (accelerated) dasturlar ham joriy etilgan bo‘lib, ular talabalarga o‘qish muddatini qisqartirish va xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.

 

AQShda esa an’anaviy 4 yillik bakalavr tizimi saqlanib qolgan. Biroq ayrim universitetlar tomonidan tezlashtirilgan (accelerated) yoki 3 yillik dasturlar ham taklif etiladi. Bunday dasturlarda talabalar yozgi semestrlarda o‘qish va qo‘shimcha kreditlar olish orqali ta’limni qisqaroq muddatda yakunlash imkoniga ega bo‘ladi.

 

Avvalroq, AQShning ayrim universitetlari sun’iy intellekt sabab og‘zaki imtihonlarga o‘tayotganligi haqida xabar bergan edik.