Xabaringiz bor, 2026-yilgi kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlarida qatnashish uchun murojaatlar qabuli 18-martdan boshlangan edi. Pedagoglar 18-aprelga qadar (shu kuni ham) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat xizmatlari markazlari orqali hujjat topshirishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi tegishli qaroriga muvofiq, davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-o‘qituvchilar, stajyor-tarbiyachilar hamda tegishli toifaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlashga jalb etiladi.
Shuningdek, nazorat sinovlarida quyidagi toifadagi pedagoglar ham ishtirok etishi mumkin:
- pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-o‘qituvchilar;
- pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-tarbiyachilar;
- tegishli toifaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlar;
- avval kasbiy sertifikatlashda qatnashib, undan o‘ta olmagan stajyor-o‘qituvchi, psixolog yoki mutaxassislar;
- pedagoglar attestatsiyasidan o‘ta olmaganlar;
- mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb topilganlar;
- egallab turgan lavozimiga muvofiq emas deb topilgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar.
Kasbiy sertifikatlashga jalb etilmaydiganlar:
- fan nomzodi, PhD yoki DSc darajasiga ega pedagog kadrlar;
- oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent yoki professor ilmiy unvoniga ega pedagoglar;
- magistr darajasiga ega mutaxassislar.
Kasbiy sertifikatlash imtihonlari qanday tashkil etiladi?
Hukumat qarori bilan belgilangan reglamentga ko‘ra:
– pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi;
– kasbiy sertifikat olganidan so‘ng pedagoglar pedagogik faoliyatida besh va undan ko‘p yil davomida uzilishlar bo‘lgan faoliyatini qayta boshlagan vaqtdan boshlab bir yil davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi lozim;
– kasbiy sertifikat olish uchun nazorat sinovi qoida tariqasida, har yili mart–may oylarida test shaklida o‘tkaziladi;
– nazorat sinovi natijasi bo‘yicha 56 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor nazorat sinovidan o‘tgan hisoblanadi va elektron shakldagi sertifikat uning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Nazorat sinovi 50 ta topshiriqdan iborat boʻladi. Har bir toʻgʻri bajarilgan topshiriq 2 ball bilan baholanib, nazorat sinovi uchun jami 100 ball beriladi.
Nazorat sinovi kompyuterda (onlayn platforma) viloyat markazlaridagi katta sigʻimli binolarda oʻtkaziladi.
Qanday holatlar uzrli sabab hisoblanadi?
Nazorat sinovlarida ishtirok etmaslik uchun quyidagi holatlar uzrli sabab sifatida e’tirof etiladi:
— vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik;
— davlat yoki jamoat vazifalarini bajarish;
— respublika yoki xalqaro musobaqalarda ishtirok etish;
— vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lish;
— yaqin qarindoshining vafoti;
— vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkiloti rahbari ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan boshqa asoslar.
Kimlardan to‘lov undiriladi?
Kasbiy sertifikat olish bo‘yicha nazorat sinovida birinchi marta ishtirok etayotgan talabgorlardan to‘lov undirilmaydi.
Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun esa talabgor bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari — 471 ming so‘m miqdorida to‘lov to‘laydi.
Agar davlat xizmati uchun ariza YIDXP (my.gov.uz) orqali yuborilsa, belgilangan to‘lovning 90 foizi, ya’ni 423 ming 900 so‘m undiriladi.
Davlat xizmatlari uchun to‘lov amalga oshirilgani axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Uzrli sabab bilan qatnasha olmaganlar qayta ro‘yxatdan o‘tishi mumkinmi?
Nazorat sinovida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tib, uzrli sabablarga muvofiq sinovda qatnasha olmagan talabgor tegishli hujjatlarni taqdim etgan holda nazorat sinovidan o‘tmagan hisoblanadi.
Bunday hollarda u keyingi tashkil etiladigan nazorat sinovida ishtirok etish uchun qaytadan ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Uzrli sabablarga ko‘ra, nazorat sinovida qatnasha olmagan talabgordan navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun takroran to‘lov undirilmaydi.
To‘lov bo‘yicha kimlarga chegirma beriladi?
Ijtimoiy reyestrning “kambag‘al oila” toifasiga kiritilgan oilalar a’zolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘lovning 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llaniladi.
Ijtimoiy reyestrning “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar a’zolariga esa belgilangan to‘lovning 75 foizi miqdorida chegirma beriladi.
Bunda chegirmalar quyidagi tartibda qo‘llaniladi:
— agar oila “davlat ta’minotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” toifasidan “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga o‘tkazilgan bo‘lsa, ularga avval belgilangan toifa bo‘yicha chegirma saqlab qolinadi;
— og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga esa “kambag‘al oila” uchun belgilangan miqdorda chegirma qo‘llaniladi.
Shuningdek, davlat xizmati uchun ariza YIDXP orqali yuborilganda, talabgordan belgilangan to‘lov miqdorining 90 foizi undiriladi.
