“Yaxshi natija uchun uyqudan voz kechganman”: Xorazmda yana bir o‘quvchi 5 ta fandan sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi

“Yaxshi natija uchun uyqudan voz kechganman”: Xorazmda yana bir o‘quvchi 5 ta fandan sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Xorazm viloyati, Hazorasp tuman ixtisoslashtirilgan maktabi 11-sinf o‘quvchisi Aminova Zarnigor Umarbekovna 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

 

U kimyo va biologiya fanlaridan A, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B, tarixdan C, matematika fanidan esa C+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

 

Mazkur o‘quvchi kelgusida Toshkent davlat tibbiyot universitetining davolash ishi yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz muxbiri ushbu o‘quvchi bilan tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va muvaffaqiyat sirlari bo‘yicha suhbatlashdi.

 

“Sertifikat joriy etilgandan boshlab jiddiy tayyorlana boshladim”

 

Zarnigorning aytishicha, bu yo‘l birdaniga emas, balki asta-sekin shakllangan:

 

“Til sertifikatlari joriy qilinganidan boshlab menda ham sertifikat olish g‘oyasi paydo bo‘lgan. Milliy sertifikat joriy etilgach esa jiddiy tayyorlana boshladim”, – deydi u.

 

“10-sinfda kimyo va biologiyadan 100% natija ko‘rsatganman”

 

U avvaldan asosiy fanlardan mustahkam bilimga ega bo‘lgani muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri bo‘lgan:

 

“Kimyo va biologiyani avvaldan puxta o‘rganib kelganman va 10-sinfda ikkalasidan ham 100% lik sertifikat oldim.”

 

Zarnigor tayyorgarlik jarayonida vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olganini ta’kidlaydi:

 

“Majburiy blok fanlaridan maktabda ancha yaxshi o‘qib kelganman va aynan sertifikat uchun 3 ta fan uchun 1 oy tayyorlandim”.

 

O‘quvchining aytishicha, tayyorgarlik jarayonida u asosan, darsliklar va test to‘plamlari bilan ishlagan.

 

“Maqsadlarim jiddiy bo‘lgani uchun vaqtni to‘g‘ri taqsimladim”

 

“Savollar qiyin edi, shunga qaramasdan yaxshi ishlab chiqdim.”

 

Uning fikricha, muvaffaqiyatning kaliti — maqsadga jiddiy yondashish:

 

“Oldimga qo‘ygan maqsadlarim jiddiyligi uchun vaqtni to‘g‘ri taqsimladim.”

 

“Yaxshi natija uchun uyqudan voz kechganman”

 

Zarnigor katta natija ortida katta mehnat yotganini yashirmaydi:

 

“Yaxshi samaraga erishish uchun uyqudan voz kechdim”.

 

Sertifikatlar sohibasi shuningdek, imtihon paytida ruhiy holatning ahamiyatini alohida ta’kidlaydi:

 

“Psixologik tayyorgarlik juda muhim, hatto 1-o‘rinda turadi desam ham bo‘ladi. Menda tushkunlikka tushgan paytlarim ko‘p bo‘lgan, lekin chalg‘imaslikka harakat qilib, bunday vaziyatlarni yengib o‘tdim”

 

Imtihon paytidagi uning asosiy maslahati esa:

 

 “Hayajonlanmasdan, diqqatni testga qaratish kerak. Talabgor o‘zini erkin qo‘yishi lozim.”

 

“Ijtimoiy tarmoqlardan vaqtincha voz kechganman”

 

O‘quvchi diqqatni jamlash uchun ortiqcha chalg‘ituvchi omillarni chetga surgan:

 

“Sertifikat imtihoniga tayyorgarlik paytida do‘stlarim bilan ijtimoiy tarmoqda suhbatlashishni to‘xtatib, Instagram ilovamni bir qancha muddatga faolsizlantirib qo‘yardim”.

 

Chunki o‘qishga kirishni maqsad qilgan barcha shaxs shijoat bilan tayyorlanishi va fokusni o‘qishdan boshqa narsaga qaratmasligi kerakligini ta’kidlaydi.

 

“Milliy sertifikat tizimini yanada targ‘ib qilish kerak”

 

Suhbat yakunida maktablar tizimni takomillashtirish bo‘yicha ham fikr bildirdi:

 

“Milliy sertifikatni targ‘ib qilishni kuchaytirish, yoshlarni ta’lim olishiga sharoitlarini kengaytirish va o‘qishga bo‘lgan qiziqishni yanada orttirish kerak, deb o‘ylayman”, – deydi u.

 

Hozirda esa Zarnigor o‘zini rivojlantirishda davom etmoqda:

 

“Hozir til o‘rganish va sport bilan shug‘ullanyapman. Til bo‘yicha ham sertifikat topshirmoqchiman.”

 

Zarnigorni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Toshkent shahridagi 216-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Madina Meliqo‘ziyeva Abduqahhor qizi bir nechta fandan milliy sertifikatlar olib, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun zarur bo‘lgan 189 ballni muddatidan oldin to‘plagani haqida xabar bergan edik.