Muhokamalar portaliga “Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish va o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan.
Loyiha umumta’lim fanlari bo‘yicha olimpiadalarni tashkil etish, o‘tkazish, nufuzli, xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar ishtirokchilarini saralash hamda olimpiada g‘oliblarini rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
Unga ko’ra;
— Barcha olimpiadalarni qamrab oluvchi yagona elektron platforma ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
— Olimpiada ishtirokchilarining ishlarini tekshirishda inson omilini kamaytirish va olimpiada ishlarini markazlashgan holda baholash mexanizmlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etiladi.
— Iqtidorli oʻquvchilar, olimpiada terma jamoalariga nomzodlar uchun intellektual oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
— Mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda oʻqituvchilar uchun oʻquvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlashga qaratilgan seminar-treninglarni muntazam tashkil etib boriladi hamda oʻqituvchilar oʻrtasida fan olimpiadalari o‘tkaziladi;
— Malakali, fidoyi, oʻquvchilari respublika va xalqaro olimpiadalar gʻoliblari boʻlgan oʻqituvchilaridan iborat fan kengashlari tashkil etiladi;
— O‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirish va olimpiadalarga tayyorgarlikni kuchaytirish maqsadida “STEM” nomli ilmiy-tahliliy jurnalni yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilgan. Unda olimpiada topshiriqlari, yechimlar, ilmiy maqolalar va o‘quvchilar ishlari chop etiladi.
— Fan olimpiadalari markazida robototexnika va sunʼiy intellekt laboratoriyasi tashkil qilinadi hamda ushbu yoʻnalishdagi olimpiada va tanlovlar tashkil qilib boriladi.
Respublika robototexnika va sunʼiy intellekt olimpiadasi o‘tkazilish tartibi
Respublika robototexnika va sunʼiy intellekt olimpiadasi alohida – alohida yoʻnalishlarda uch bosqichda (tuman, hududiy va respublika) da tashkil etiladi.
Ushbu olimpiada yoʻnalishiga koʻra yakkalik yoki jamoaviy bellashuv koʻrinishida tashkil qilinishi mumkin.
Robototexnika va sunʼiy intellekt olimpiadasida ishtirokchilar ikki xil yosh toifalarda ishtirok etadi. Birinchi yosh toifasi 5-6-7-8-sinf oʻquvchilari hamda ikkinchi yosh toifasi 9-10-11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻlishi lozim. Jamoaviy shakldagi ishtirokchilar jamoada 3 nafargacha shakllantiriladi.
Robototexnika va sunʼiy intellekt olimpiadasining respublika bosqichlari gʻoliblari tashkilotchilarning diplom va esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantiriladi.
Robototexnika va sunʼiy intellekt olimpiadasining respublika bosqichi gʻoliblari mazkur yoʻnalishdagi xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi.
