Xorazm viloyati, Urganch shahar 1-son IMI 11-sinf o‘quvchisi Otajonova Parizoda Jamolbek qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Mazkur o‘quvchi Urganch davlat tibbiyot institutiga kirishni maqsad qilgan.
U kimyo va biologiya fanlaridan A, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B+, tarixdan B, matematika fanidan esa C+ darajali sertifikatlarni olishga muvaffaq bo‘ldi.
Talimxabarlari.uz muxbiri mazkur o‘quvchi bilan tayyorgarlik jarayoni, bo‘lgan qiyinchiliklar va muvaffaqiyat sirlari bo‘yicha suhbatlashdi.
“Sertifikat olish g‘oyasi menda 9-sinfda paydo bo‘lgan. 10-sinfning yanvar oyida esa birinchi fanimni topshirdim.”
“Ba’zi fanlarga 2 yil, ba’zilariga esa atigi 1 oy vaqt ajratdim”
Tayyorgarlik jarayonida har bir fanga turlicha vaqt ajratganini ta’kidlaydi.
“Biologiya va kimyoga 2 yildan tayyorlandim. Ona tiliga 5 oy, matematika uchun 2 oy, tarix uchun esa 1 oy yetarli bo‘ldi.”
“Repetitor emas, maktab va jamoa bilan ishlash yordam berdi”
Parizoda ko‘pchilik o‘quvchilardan farqli ravishda repetitor xizmatidan foydalanmagan.
“Maktabimizda darslar chuqur o‘qitilgani uchun repetitorga bormadim. Milliy sertifikat uchun mo’ljallangan test to’plamlaridan foydalanganmiz, sinfdoshlarim va ustozlar bilan birga tahlil qilish orqali bilimimni mustahkamlab borganman”, – deydi u.
U o‘qish jarayonida muhitning ahamiyati juda katta bo‘lganini alohida qayd etadi:
“Imtihonga tayyorgarlik jarayonida eng samarali usullardan biri – bu yoningda sizdek darajada yoki sizdan ham bilimi yuqori bo‘lgan insonlar safida bo‘lish. Ular orqali bilmagan narsalaringizni o‘rganasiz”.
“Birinchi imtihondan keyin yig‘lab yuborgim kelgan”
Har bir muvaffaqiyat ortida qiyinchiliklar ham bo‘ladi. Parizoda ham ilk imtihon paytidagi kuchli hayajonni eslaydi:
“Birinchi imtihondan chiqqanimda yig‘lab yuborgim kelgan.Ammo dadam tashqarida kutib turgani uchun yig‘lamaslikka harakat qilganman. Dugonalarim barchasi chiqib yig‘lab yuborishgan. Juda hayajonlanganman, faqat mo‘jizaga ishonganman. Savollarga, muhitga o‘rganishim juda qiyin bo‘lgan, “ola olmayman” deb o‘ylaganman. Keyingi sertifikatlarda u darajada bo‘lmadi”.
“Men ulgura oladigan odamman — imkoniyatni qo‘ldan boy bermayman”
Sertifikatlar sohibasi o‘zini faol va harakatchan o‘quvchi sifatida ta’riflaydi. Bu esa uning natijalarida ham aks etgan:
“Yoshligimdan har narsaga ulguruvchan qizman. Barcha ustozlarim ham shunday deydi. Chunki tadbirmi, insholar tanlovimi, olimpiada bo‘lsa ham o‘tkazib yubormasdan qatnashishga harakat qilaman. Muhimi menga yoqsa bajaraman, yoqmasa vaqtimni ketkazgim kelmaydi”.
“Eng samarali vaqtim — maktabdagi 8 dan 4 gacha bo‘lgan vaqt”
Parizoda uchun eng unumli davr aynan maktabdagi vaqt bo‘lgan:
“Bizning sinf tabiiy fanlarga ixtisoslashgan bolgani uchun shu darslarni orasida maktabni ozida tayyorlanganman. Unumli vaqtim maktabda 8 dan 4 gacha bo‘ladi. Kechasi esa charchoq sabab samarali o‘qiy olmasdim”.
“Erta turish emas, sifatli o‘qish muhimligini tushundim”
Dastlab u kamroq uxlab ko‘proq dars qilishni sinab ko‘rgan, keyinchalik esa o‘ziga mos tizimni topgan:
“Boshida ertalab 3 da turib dars qilganman, keyin bilsam erta turganing bilan yaxshi dars qilinmasa foyda bermas ekan. Uyqusirab o‘tirib, uxlab qolgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Keyinchalik vaqtida uxlab vaqtida dars qilib ham muvaffaqiyatga yetishish mumkinligini bildim. Ya’ni 11 larda uxlab 6 da turishga o‘tdim — bu ancha samaraliroq bo‘ldi”.
“Onamning psixologiyaga qiziqishi menga katta kuch berdi”
Parizodaning muvaffaqiyatida oilaning, ayniqsa onasining ta’siri katta bo‘lgan:
“Menimcha, bu darajaga erishishimda oyimning psixologiyaga bo‘lgan qiziqishi – meni ham jalb qilgani menga katta yordam bo‘ldi. Shaxsiy rivojlanish kurslarida oyim o‘qib, menga kuch berib turganlari menga yetarli bo‘ldi. Shu sabab, harakatda davom etaverdim”.
“Ruhiy tayyorgarlik hammasini hal qiladi”
U imtihon jarayonida faqat bilim emas, balki ruhiy holat ham hal qiluvchi ekanini ta’kidlaydi:
“Har doim bilim yetarli bo‘lmaydi. Lekin inson ruhan tayyor bo‘lsa, har qanday marrani zabt etadi. Bor diqqat e’tiborni, butun tanani shu test va uni tezroq yechib, shu imtihon xonasidan chiqib ketish bilan bog‘lash kerak. Men qaysidir fandan imtihon topshirayotganda sertifikat olishga ruhan tayyor bo‘lganda ro‘yxatdan o‘tganman”.
Shuningdek, kimyo fanidan yuqori darajali sertifikat olgan o‘quvchi sifatida kimyoda kalkulyatordan foydalanmaslikka harakat qilish kerakligini va tezlik ustida ko‘p ishlash muhimligini aytadi.
Bundan tashqari, u diqqatni jamlash uchun ortiqcha chalg‘ituvchi omillardan voz kechgan:
“Instagram ishlatmayman, shaxsiy blogim bo‘lmagan. Faqat telegramdagi onlayn fanlar guruhlarida faol bo‘lganman, maqsadimga erishsam ular bo‘laveradi deb o‘ylaganman. O‘zi tabiatan instagramdan video ko‘rib boshlasam, 2 minutdan keyin boshim og‘riy boshlaydi. Shuning uchun, uncha yoqtirmayman ham uncha tushunmayman ham.
Menga telefon olib berishmoqchi bo‘lganida, noutbuk olganman. O‘zimni kichkina telefonim bor, telefonsiz hayot yaxshi degan fikrdaman. Masalan, ko‘chada va mashinada hamma video ko‘rib o‘tiradi. Men esa tabiatga, insonlarga qarayman. Orzularimni o‘ylayman. Men uchun oldimda yoki maktabda telefon olib yurish qulay emas”.
“Qanchalik erta boshlasangiz, natija ham shunchalik tez keladi”
“Tayyorgarlikni qancha erta boshlasangiz, natijaga ham shuncha tez erishasiz. Eng muhimi — qo‘rqmaslik va dadil harakat qilish”, – deydi o‘quvchi.
“Maktabning o‘zi ham yetarli — agar sifatga e’tibor berilsa”
Parizoda maktabdagi ta’lim sifati yuqori bo‘lsa, qo‘shimcha darslarsiz ham natijaga erishish mumkinligini aytadi:
“Maktabimizda sharoit juda yaxshi. Direktorimiz va ustozlarimga kata rahmat, ular har bir o‘quvchi bilan alohida ishlaydi. Menimcha, oddiy maktablarda repetitor bilan tayyorlanadigan o‘quvchilarni maktabda tayyorlantirish va bor diqqat e’tiborini davomatga emas, ta’lim sifatiga qaratishsa yaxshiroq bo‘lardi”.
Hozirda esa u yangi bosqichga tayyorgarlik ko‘rmoqda:
“Hozirda dam olyapman. Ijtimoiy loyihalarda faol qatnashyapman va o‘zimdagi boshqa sohalardagi qobiliyatlarimni yangidan kashf etyapman”.
Parizodani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, tibbiyot yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lgan va muddatidan oldin 189 ballni naqd qilgan surxondaryolik o‘quvchi Sarvarxoji Abduqodirov bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish
