2025–2026-o‘quv yilida pedagogik sinflar bo‘yicha yakuniy imtihon o‘tkaziladigan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi. Jarayon haqida batafsil ma’lumot

2025–2026-o‘quv yilida pedagogik sinflar bo‘yicha yakuniy imtihon o‘tkaziladigan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi. Jarayon haqida batafsil ma’lumot

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025–2026-o‘quv yili yakunida pedagogik sinflar yo‘nalishi bo‘yicha yakuniy imtihon o‘tkaziladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlandi.

 

Mazkur qaror pedagogik sinflar faoliyatini amaliy bosqichga olib chiqish, ushbu yo‘nalishda tahsil olayotgan o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini yakuniy baholash tizimini joriy etishga xizmat qiladi. Ro‘yxatga respublika bo‘ylab 14 ta maktab kiritilgan bo‘lib, ular hududlar kesimida tanlab olingan tayanch ta’lim muassasalari hisoblanadi.

 

Mavzuga doir: Maktablarda pedagogik sinflarni tashkil etish bo‘yicha nizom e’lon qilindi

 

Pedagogik sinflar bo‘yicha yakuniy imtihon o‘tkaziladigan maktablar

 

2025–2026-o‘quv yili yakunida pedagogik sinflar yo‘nalishi bo‘yicha yakuniy imtihon quyidagi maktablarda o‘tkaziladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Nukus shahri
19-maktab
Andijon viloyati
Andijon shahri
27-maktab
Buxoro viloyati
Buxoro shahri
15-maktab
Jizzax viloyati
Jizzax shahri
17-maktab
Qashqadaryo viloyati
Shahrisabz shahri
22-maktab
Navoiy viloyati
Navoiy shahri
20-maktab
Namangan viloyati
Namangan shahri
31-maktab
Samarqand viloyati
Samarqand shahri
13-maktab
Surxondaryo viloyati
Termiz shahri
12-maktab
Sirdaryo viloyati
Guliston shahri
18-maktab
Toshkent viloyati
Chirchiq shahri
21-maktab
Farg‘ona viloyati
Qo‘qon shahri
4-maktab
Xorazm viloyati
Urganch shahri
18-maktab
Toshkent shahri
Uchtepa tumani
81-maktab

 

Pedagogik sinflar nima?

 

Pedagogik sinflar — umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 10–11-sinf o‘quvchilari uchun tashkil etiladigan maxsus yo‘nalish bo‘lib, pedagog kasbiga qiziqqan yoshlarni erta bosqichda tayyorlashga qaratilgan.

 

Mazkur tizim orqali o‘quvchilar nafaqat nazariy bilim, balki amaliy pedagogik ko‘nikmalarni ham egallaydi hamda kelgusida ta’lim sohasida faoliyat yuritishga tayyorlanadi.

 

O‘quvchilar pedagogik sinflarga qanday saralanadi?

 

Pedagogik sinflarga o‘quvchilar aniq mezonlar asosida tanlab olinadi. Buning uchun 9-sinf o‘quvchilari orasida maxsus so‘rovnoma o‘tkazilib, pedagog kasbiga qiziqishi va moyilligi mavjud bo‘lgan nomzodlar aniqlanadi.

 

Saralash jarayonida quyidagi jihatlar inobatga olinadi:

 

— pedagog kasbiga bo‘lgan qiziqish;

— bolalar bilan ishlashga moyillik;

— psixologik tayyorgarlik;

— muloqot qilish va tushuntirish qobiliyati.

 

Mazkur jarayon qisqa muddatlarda tashkil etilib, natijalarga ko‘ra pedagogik sinflarga qabul amalga oshiriladi.

 

Ta’lim jarayoni qanday tashkil etiladi?

 

Pedagogik sinflarda ta’lim jarayoni keng qamrovli bo‘lib, o‘quvchilar quyidagi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ladilar:

 

— dars o‘tish metodikasi;

— bolalar psixologiyasi;

— pedagogik muloqot asoslari;

— ta’lim jarayonini tashkil etish;

— amaliy mashg‘ulotlar va kuzatuvlar.

 

Shuningdek, ushbu sinflarda dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ham jalb etiladi. Bu esa o‘quvchilarga real pedagogik muhitga yaqin tajriba olish imkonini beradi.

 

Bitiruvchilarga qanday imkoniyat beriladi?

 

Pedagogik sinflarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Ushbu sertifikat ularga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyachi yordamchisi sifatida ishlash huquqini taqdim etadi.

 

Bu esa o‘quvchilarga maktabni tugatishi bilan kasb egasi bo‘lish va ta’lim tizimiga erta kirib kelish imkonini yaratadi.

 

Yakuniy imtihon qanday ahamiyatga ega?

 

Endilikda tasdiqlangan maktablarda o‘quv yili yakunida o‘tkaziladigan yakuniy imtihonlar pedagogik sinf o‘quvchilarining egallagan bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini baholashga xizmat qiladi.

 

Yakuniy imtihonlarni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari alohida normativ hujjatlar asosida belgilanadi.