Davlat oliy ta’lim muassasalarining 2025-yilgi daromad va xarajatlari ma’lum qilindi

Davlat oliy ta’lim muassasalarining 2025-yilgi daromad va xarajatlari ma’lum qilindi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda davlat oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy holati turlicha shakllangan.

 

Ma’lumotga ko‘ra, barcha universitetlarning umumiy daromadi 12 trln so‘m bo‘ldi. Xarajatlar esa qariyb 300 mlrd so‘mga ko‘proq bo‘lib, 12,3 trln so‘mni tashkil qilgan.

 

2025-yilda eng ko‘p daromad qilgan universitet Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bo‘lib, 909 mlrd so‘m bilan yetakchi o‘rinni egallagan. Shu bilan birga, u xarajatlar bo‘yicha ham birinchi o‘rinda bo‘lib, yil davomida 886,2 milliard so‘m sarflagan. Ushbu oliygoh talabalar soni bo‘yicha ham mamlakatda yetakchi hisoblanadi.

 

Ikkinchi o‘rinni O‘zbekiston Milliy universiteti (650 milliard so‘m), undan keyin esa Qoraqalpoq davlat universiteti (571,2 milliard so‘m) egallagan.

 

Sof foyda ko‘rsatkichlarida esa Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti yetakchi bo‘lib, 77,7 milliard so‘m foyda ko‘rgan. Keyingi o‘rinlarda Qarshi davlat texnika universiteti (57,8 milliard so‘m) va Andijon davlat texnika instituti (33,8 milliard so‘m) qayd etilgan.

 

Shuningdek, eng katta zarar Navoiy davlat pedagogika institutida kuzatilib, 93,8 milliard so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, Qo‘qon davlat pedagogika instituti ham 73,7 milliard so‘m zarar bilan keyingi o‘rinda turadi.

 

Barcha oliygohlarning moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

 

Avvalroq, O‘zbekistonda nechta oliygoh va talaba borligi haqida xabar bergan edik.