Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani 1-son texnikumi o‘quvchisi Xayrullayeva Latofat Bahromali qizi 5 ta fandan milliy sertifikatni muvaffaqiyatli qo‘lga kiritdi. Muddatidan oldin 189 ball to‘plagan Latofat tibbiyot yo‘nalishiga grant asosida o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
U kimyo hamda biologiyadan A, tarix, matematika fanlaridan C hamda o‘zbek tili va adabiyot fanidan B darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan uning tayyorgarlik jarayoni va kelajak rejalari haqida suhbatlashdi.
Bir nechta milliy sertifikatlar sohibasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti davolash ishi fakultetiga o‘qishga kirishni maqsad qilgan.
“Sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfligimda paydo bo‘lgan. Tayyorgarlik jarayoni mashaqqatli bo‘lgan boʻlsa ham, ideal ustozlar bilan birgalikda ishlash – qiyinchiliklarni yengishda yordam berdi”.
“Fanlar bir-biriga bog‘liq, shuning uchun vaqtni tejash mumkin”
Latofat asosiy fanlar bo‘yicha tayyorgarlikni 1,5–2 yil, majburiy fanlar uchun esa 2–5 oy davomida olib borgan. U darsliklar, repetitorlar va test to‘plamlaridan foydalanganini aytadi.
“Fanlar zanjir kabi: masalan, matematikani yaxshi bilgan odam kimyo va fizika fanlarida ham qiynalmaydi. Bu esa vaqtni tejashga yordam beradi. Shuningdek, faqat reja asosida vaqtimni o‘tkazdim, shu sabab barchasiga ulgurardim,” — deydi u.
O‘quvchi tayyorgarlikni eng samarali usullaridan biri — vaqtni behuda sarflamasdan takrorlash ekanligini bildirdi. Ya’ni har kunlik qo‘shimcha o‘qishi kerak bo‘lgan ma’lumotlarini daftarga yozib, uni intizom bilan bajarish unga yordam bergan.
“Har kunlik qo‘shimcha ma’lumotlarni daftarga yozib, uni intizom bilan takrorlashim natijaga chiqishimda yordam berdi,” — deya qo‘shimcha qiladi u.
“Uyqu rejimim buzilmagan, asta-sekin o‘zimni moslashtirdim”
Har bir o‘quvchi oliy ta’lim muassasasiga kirish oldi darslari ko‘p lekin vaqti oz bo‘lgani sabab uyqudan qisman voz kechadi. Mazkur o‘quvchi esa o‘z sog‘lig‘ini o‘ylagan holatda uyquni to‘g‘ri taqsimlashga harakat qilgan:
“Uyqu rejimim buzilmagan. Ya’ni asta-sekin oʻzimni koʻniktirib borganman. Masalan, qancha ko‘p ovqatlansak oshqozonimiz kengayadi, kam ovqatlanaveradigan bo‘lsak, kichrayib boradi. Miyamiz ham xuddi shunday: agar miyamiz oldin 8 soat uxlab yaxshi dam olgan bo‘lsa, uni asta-sekin ko‘niktirsak 4 soatda ham miyamiz yaxshi dam oladi”, – deydi Latofat.
“Test savollarini osonidan murakkablariga qarab yeching”
Imtihonlarga tayyorgarlik jarayonida Latofat savollarni yechish strategiyasini quyidagicha tushuntiradi:
“Testdagi savollarni osonidan murakkablariga qarab yechishni boshlash kerak. Ya’ni zinama-zina holatida. Eng muhimi, diqqatni bir joyga qoʻyib ishlash kerak, chunki savollarda chalgʻitadigan joylari talaygina boʻladi”.
Imtihon jarayonida savollar darajasi u kutgandan deyarli osonroq boʻlgan, faqat berilgan vaqtda topshiriqlarni bajarish biroz qiyin kechganini ta’kidladi.
“Maqsadga erishish uchun zararli odatlardan voz kechish kerak”
“Inson oʻz oldiga maqsad qoʻygandan keyin uni amalga oshirish uchun boshqa zararli narsalardan voz kechishi kerak. Agar oʻzini boshqara olmasa, telefonda koʻp foydalanadigan funksiyalarini ma’lum vaqtlik qilib qoʻysa boʻladi. Agar oʻsha vaqtdan koʻp foydalansa, bu funksiya qulflanib qoladi”.
Shuningdek, u intizom va izlanish muvaffaqiyatning asosiy sharti deb biladi:
“Sertifikatga tayyorlanayotgan har bir o‘quvchi ustozlarining aytganlarini bajarishini, “izlagan imkon topar,izlamagan bahona” deganlaridek har xil bahonalar qilmasliklarini, intizom va tirishqoqlik bilan oʻqib izlanishlarini maslahat bergan bo‘lardim”.
“..o‘ziga kerak fanlarda qatnashishi kerak”
Latofatning fikricha, maktabda o‘quvchilar o‘z yo‘nalishlariga mos fanlarda qatnashsa samarali bo‘ladi, ayniqsa katta sinf o‘quvchilari uchun:
“Har bir katta sinf o‘quvchisi barcha fanga emas, faqat tanlagan yo‘nalishi uchun kerak bo‘ladigan fanlarda qatnashishini ta’minlash kerak deb o‘ylayman”.
Suhbat yakunida Latofat ayni kunlarda nimalar bilan shug‘ullanayotganiga qiziqdik. Uning aytishicha, hozirda darsdan tashqari kitoblarni mutolaa qilib, rus tilini oʻrganmoqda.
Latofatni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, muddatidan avval talaba bo‘lgan Farg‘ona viloyatidagi maktabning 11-sinf o‘quvchisi Isojonov Farruxjon bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish
