Kecha, 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Ilhom Siradjev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar ushbu lavozimda faoliyat olib borgan Hilola Umarova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z vazifasini tark etdi.
Bugun, 17-fevral kuni Prezident qarori bilan Hilola Uktamovna Umarova Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining pedagogik taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.
Ilhom Siradjev 2006–2017-yillarda Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahar o‘quvchilar texnik ijodiyot markazida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Ushbu davrda u ta’lim tizimining hududiy boshqaruvi, o‘quvchi-yoshlarning texnik ijodiyotini rivojlantirish va tashkiliy jarayonlarni takomillashtirish yo‘nalishlarida ishlagan.
2017–2023-yillarda u Xalq ta’limi vazirligi tizimida quyidagi mas’ul lavozimlarda faoliyat olib borgan
- Bosh iqtisodchi;
- Moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi boshlig‘i;
- Moliyaviy tahlil va rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i;
- Moliya departamenti direktori.
2025-yil sentyabr oyida u Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasiga loyiha koordinatori etib tayinlangan edi. Keyinchalik mazkur yo‘nalish bo‘yicha rahbar o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Ilhom Siradjev pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega. Shuningdek, u “Ta’limda menejment” yo‘nalishi bo‘yicha dotsent ilmiy unvonini olgan. Uning ilmiy ishlari ta’lim boshqaruvi, strategik rivojlantirish, moliyaviy menejment va ta’lim tizimida samaradorlikni oshirish masalalariga bag‘ishlangan.
Ijtimoiy tarmoq faoli Isroil Tillaboyev Ilhom Siradjev haqida quyidagicha yozadi:
Ilxom Siradjev xalq taʼlimi tizimida uzoq yillar davomida ishlab kelgan, muhimi taʼlimni iqtisodiy tomonlarini ikir-chikirigacha biladigan, taʼlimdagi katta iqtisodiy islohotlarni bevosita islohotchilaridan biri boʻlgan juda bilimli, zamonaviy yosh kadr.
Siradjevning bu yoʻnalish «kuratori» boʻlib tayinlanishi meni quvontirdi.
Muhimi, Sherzod Shermatov bilan birgalikda ishlagan paytlari vazir oʻrinbosari Temur Komilovlar bilan yelkama-yelka katta iqtisodiy islohotlarni taʼlim tizimiga olib kirgan kadr sifatida qayd etib oʻtishni joiz deb bildim.
Ilhom Siradjev ta’lim sohasiga doir qator xalqaro loyihalar va seminarlar ishtirokchisi hisoblanadi. Xususan, u Xitoyda tashkil etilgan, turli davlatlarning ta’lim ekspertlari uchun mo‘ljallangan “Strategik rejalashtirish, raqamli transformatsiya, xalqaro hamkorlik va samarali boshqaruv” yo‘nalishidagi xalqaro seminar ishtirokchisi bo‘lgan.
