UniRank–2025: O‘zDJTU 1-o‘rinni qanday qo‘lga kiritdi? Mas’ullar bilan suhbat

UniRank–2025: O‘zDJTU 1-o‘rinni qanday qo‘lga kiritdi? Mas’ullar bilan suhbat

2025-yilgi UniRank xalqaro reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti mamlakatdagi 80 ta oliy ta’lim muassasasi orasida onlayn faollik bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Jahon miqyosida esa universitet 14 mingdan ortiq OTM orasida 2 038-pog‘onani qayd etdi.

 

Mazkur reyting har olti oyda dunyoning qariyb 200 ta davlatidagi universitetlarning internetdagi ko‘rinishi va veb-faolligini tahlil qiladi. Natijalar beshta asosiy veb-metrika asosida shakllantiriladi: rasmiy sayt mashhurligi, domen nufuzi, tashqi havolalar soni, veb-trafik hamda ijtimoiy tarmoqlardagi faollik.

 

Shuningdek, Telegram, Instagram, Facebook va YouTube platformalarida joylashtirilgan kontent sifati, sahifalarga tashriflar soni hamda qidiruv tizimlaridagi ko‘rinish ko‘rsatkichlari ham inobatga olinadi.

 

Shu munosabat bilan Talimxabarlari.uz muxbiri universitet matbuot kotibi Otabek Ibragimov hamda xalqaro reytinglar bo‘limi boshlig‘i Bekzod Nishanaliyev bilan suhbatlashdi. Suhbatda media va kommunikatsiya siyosati hamda reyting natijalarining xalqaro imijga ta’siri muhokama qilindi.

 

Universitet matbuot kotibining ta’kidlashicha, jarayonlarga faqat tizimli yondashish orqali bunday natijaga erishish mumkin. Bu borada u shunday deydi:

 

— Jamoatchilik o‘rtasida universitet imijini oshirish uchun rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga ularning har biridagi o‘ziga xoslikdan kelib chiqqan holda yondashish juda muhim.

 

Bunda bir necha tildagi kontent, xalqaro yangiliklar va jamoatchilik bilan ishlash mexanizmlarini tizimli yo‘lga qo‘yish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Birgina misol, biz bu natijalarni ko‘zlagan vaqtda Instagram sahifamiz atigi 13 ming obunachiga ega edi. Bugungi kunda esa bu ko‘rsatkich 56 mingdan oshdi.

 

‘‘UniRank” reytingida erishilgan natijalar xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarda real argument bo‘la oladimi, degan savolga Otabek Ibragimov quyidagicha javob berdi:

 

— Bugungi kunda har bir hamkor universitet o‘zining xalqaro brendiga mos sherik izlaydi. Reyting natijalari esa ishonchni tezlashtiradi, chunki zamonaviy akademik diplomatiyada reyting – bu reputatsion kapital.

 

Xorijiy universitetlar bilan muzokaralarda biz nafaqat ilmiy salohiyatimizni, balki QS (“Lingvistika” yo‘nalishi bo‘yicha TOP 251), THE (“Ta’lim sifati” yo‘nalishi bo‘yicha dunyoda 30-o‘rin, “Gender tengligi” yo‘nalishida 201–300) kabi reytinglardagi natijalarimizni ham taqdim etamiz.

 

“UniRank” esa universitetimizning raqamli ochiqligi va global ko‘rinishini tasdiqlaydi.

 

Universitetning 11 fakulteti, Angren filiali, sport kafedrasi va Yoshlar ittifoqi tashkiloti faoliyatini yoritishda Xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari volontyor sifatida jalb qilingan. Ular fakultet hayotini muntazam yoritadi, Telegram kanallarini boshqaradi va muhim xabarlarni markaziy platformalarga uzatadi.

 

UniRank–2025: O‘zDJTU 1-o‘rinni qanday qo‘lga kiritdi? Mas’ullar bilan suhbat
Arxiv: Universitet media jamoasi

 

Muhim xalqaro uchrashuvlar va tadbirlar uchun alohida muxbirlar, fotograflar, operatorlar va mobilograflar tayinlanadi. Har bir voqea vaqt rejimida yoritilib, video-intervyular tayyorlanadi. Shu orqali rektor va xorijiy mehmonlarning fikr-mulohazalari tezkor tarzda ijtimoiy tarmoqlarga yetkaziladi.

 

— Bizda axborot yetkazish emas, professional kontent ishlab chiqish tizimi shakllangan. Shu sababli universitet nafaqat akademik maydonda, balki media makonda ham faol va raqobatbardosh, – deya ta’kidlaydi matbuot kotibi.

 

2024–2025 yillarda universitet xalqaro hamkorlik borasida sezilarli o‘sishga erishdi. Xalqaro reytinglar bo‘limi boshlig‘i Bekzod Xayrullayev “UniRank” reytingining ahamiyatini quyidagicha izohladi:

 

— Hamkorliklarning dastlabki bosqichi ko‘pincha internet orqali shakllanadi. Universitet haqidagi ma’lumotlarning ochiq va tizimli bo‘lishi xorijiy OTMlar uchun muhim omil hisoblanadi.

 

Qayd etilishicha, hozirda 36 ta davlatdagi 252 ta oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan, 2024–2025 yillarda xalqaro loyihalar soni ortgan.

 

Joriy o‘quv yilida universitetda 87 nafar xorijiy mutaxassis dars bermoqda. Shundan 24 nafari DSc va PhD darajasiga ega, 21 nafari esa xorijdan maosh oladigan volontyorlardir.

 

O‘zDJTU shuningdek, bir qator nufuzli xalqaro reytinglarda ham qayd etilgan: THE Impact Rankings 2025 (BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari), QS Rankings by Subject (Linguistics) 251–300-o‘rinlar oralig‘ida, UI GreenMetric World University Ranking 569-o‘rin va RUR (Round University Ranking) TOP-1000 talikdan joy olgan.