Toshkent shahridagi kompyuterxonalardan birida 19 yoshli yigit ikki nafar voyaga yetmagan o‘quvchiga o‘tkir tig‘li jism bilan tan jarohati yetkazdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot multimedia xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Qahramon Xudoyberganov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa jabrlanuvchilar kompyuter klubiga kirib salom bermagani va go‘yoki noto‘g‘ri gaplashgani sababli yuzaga kelgan. Ayblanuvchining so‘ziga ko‘ra, ushbu holat uning jahli chiqishiga sabab bo‘lgan va o‘zaro janjal ortidan u yonida bo‘lgan pichoq bilan jabrlanuvchilarning oyog‘iga tan jarohati yetkazgan.
Shuningdek, ayblanuvchi sherigi voyaga yetmagan shaxsni do‘stiga nisbatan noto‘g‘ri gapirgani uchun urib, tepkani ham aniqlangan. Har ikki ayblanuvchi sodir etilgan holatdan afsusdaligini bildirgan.
Olmazor tumani IIO FMB tergovchisi Shahodat Zayniddinovaning ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi — ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan qasddan badanga oog‘ir shikast yetkazish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayblanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Toshkent viloyatida sinfdoshini oʻldirgan 16 yoshli o‘quvchi 8,5 yilga qamalgani haqida xabar bergan edik.
