10–17-oktyabr kunlari Samarqand viloyatida II Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasi (FIPhO-2026) bo‘lib o‘tadi. Unda 20 ta davlatdan 140 nafardan ortiq o‘quvchi hamda 50 nafardan ortiq jamoa rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-346-son qaroriga muvofiq tashkil etilmoqda. Tadbir buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini targ‘ib qilish, iqtidorli yoshlar o‘rtasida tajriba almashish muhitini yaratish hamda fizika va astronomiya yo‘nalishlaridagi islohotlarni namoyon etishga qaratilgan.
Olimpiadada qaysi davlatlar vakillari qatnashadi?
Joriy yilning 10–17-oktyabr kunlari Samarqand viloyatida II Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasi (FIPhO-2026) bo‘lib o‘tadi.
Unda ishtirok etish uchun 20 ta davlatdan (Rossiya, Turkiya, Xitoy, Bangladesh, Vyetnam, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Latviya, Gonduras, Ozarbayjon, Ruminiya, Malayziya, Iordaniya, Quvayt, Qatar, Kuba, Mo‘g‘uliston, Belarus) jami 250 ga yaqin delegatsiya a’zolari, shundan, 140 nafardan ortiq o‘quvchilar hamda 50 nafardan ortiq jamoa rahbarlari maxsus platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan.
Har bir jamoa besh nafar o‘quvchi va ikki nafar rahbar — jami 7 kishidan iborat bo‘ladi. Xalqaro olimpiadaning ilmiy qo‘mitasi tarkibiga 17 nafar mahalliy va besh nafar xorijli tajribali ekspert jalb qilingan.
Ishtirokchilar ikki bosqichda bellashadi
Olimpiada doirasida ishtirokchilar ikki kun davomida nazariy va amaliy bosqichlarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazadi.
Nazariy bosqichda uchta topshiriqni bajarish uchun 5 soat vaqt ajratiladi. Ushbu bosqichda maksimal 60 ball to‘plash mumkin. Amaliy bosqichda esa ikkita topshiriqni bajarish uchun 5 soat beriladi va natijalar maksimal 40 ball bilan baholanadi.
G‘oliblar ikki bosqich natijalari bo‘yicha jami 100 ball asosida aniqlanadi.
Xalqaro olimpiadaning nazariy va amaliy sinovlari Samarqand davlat universitetining Muhandislik fizikasi fakultetida o‘tkaziladi. Mazkur fakultet xalqaro olimpiadani tashkil etish uchun zarur moddiy-texnik baza va resurslarga ega.
Ochilish va yopilish marosimlari qayerda o‘tkaziladi?
Olimpiadani tashkil etish uchun 8 kunlik dastur ishlab chiqilgan. Rejaga ko‘ra, ochilish marosimini “Samarqand Yoshlar Markazi”da, taqdirlash va yopilish marosimlarini esa Samarqand shahridagi Musiqali drama teatrida o‘tkazish taklif etilgan.
Ilmiy va boshqaruv qo‘mitalari a’zolarini Alexander Hotel’ga, o‘quvchilarni esa Grand Hotel Sogdiana mehmonxonasiga joylashtirish rejalashtirilgan. Jamoa rahbarlari, kuzatuvchilar va xorijiy mehmonlar uchun Lia by Minyoun, Savitsky Plaza, Grand Plaza Hotel Samarkand hamda Karvon Plaza mehmonxonalarining imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Shuningdek, olimpiada ishtirokchilari uchun Samarqandning tarixiy va madaniy obidalari bo‘ylab ekskursiyalar tashkil etish rejalashtirilgan. Dasturdan Registon maydoni, Imom al-Buxoriy majmuasi, Shohi Zinda majmuasi va Ulug‘bek rasadxonasiga hamda boshqa bir qator ko‘ngilochar maskanlarga ekskursiya dasturlari rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasi ilk bor 2021-yilda Farg‘ona viloyatida tashkil etilgan. Unda 9 ta davlatdan 100 ga yaqin ishtirokchi, jamoa rahbarlari, kuzatuvchilar va xorijiy mehmonlar qatnashgan. O‘zbekiston terma jamoasi vakillari ilk olimpiadada 3 ta oltin, 4 ta kumush va bitta bronza — jami 8 ta medalni qo‘lga kiritgan.
