Namangan viloyati Mingbuloq tumani 45-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida faoliyat yurituvchi Dilorom Sulaymonova hozirda oyiga 1 000 dollar maosh olmoqda. Bu haqda ‘‘O‘zbekiston 24’’ reportajida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, tarbiyachi Dilorom Sulaymonova oliy toifa hamda 70 foizlik ustama egasi. U 2015-yilda Qo‘qon davlat pedagogika institutini tamomlab, ish faoliyatini boshlagan paytda 400 ming so‘m oylik olgan. U bolalarni sevishi va mehnatkashligi tufayli, boshqalar gapiga qaramasdan faoliyatini davom ettirgan.
Maosh tarkibi:
-
1,25 stavka uchun – 6,5 million so‘m;
-
70 foiz ustama (oliy toifa uchun) – 4,5 million so‘m;
-
10 foiz ustama (rag‘batlantirish) – 643 000 so‘m.
Jami: 11,6 million so‘m (taxminan 1 000 dollar).
Dilorom Sulaymonova shunday deydi:
“Oliy toifaga ega bo‘lish ham mas’uliyatni talab qiladi va o‘ziga nisbatan ishonchni namoyon qiladi. Boshqa tuman va viloyatlardagi yosh hamkasblarim tomonidan bu darajaga qanday erishganligim haqida savollar bo‘ldi. Ularning barchasiga o‘z tajribam bilan yordam berishga harakat qilmoqdaman. Endi esa navbat Vazir ustamasiga harakat qilish”.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi PF-19 Farmoniga muvofiq 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun dual ta’lim tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik. Jumladan, “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
