Prezidentning PF–19-son Farmoniga muvofiq “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari bosqichma-bosqich tashkil etilib, unda faoliyat yuritadigan pedagog xodimlarga 20 foiz miqdorida davlat byudjeti hisobidan har oylik qo‘shimcha ustama tayinlanadi.
Mazkur Farmonga muvofiq, “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Xususan, 2026–2028-yillar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan shunday maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu bog‘chalar davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti maqomida faoliyat yuritib, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘yinga asoslangan ta’lim va tarbiya jarayonlarini joriy etadi.
Qayd etilishicha, “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritadigan rahbar va pedagog xodimlar, jismoniy tarbiya yo‘riqchisi, musiqa rahbarlari, psixolog hamda tarbiyachi yordamchilariga tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida davlat byudjeti hisobidan har oylik qo‘shimcha ustama belgilanadi.
Shuningdek, mazkur tashkilotlarda ma’muriy-boshqaruv va pedagog xodimlarni ishga qabul qilish faqat oliy ma’lumotli, yuqori salohiyatli nomzodlar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi.
Avvalroq, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova 2026-yilda Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston hududi, 2027-yilda oltita hududda hamda 2028-yilda yana oltita hududda Prezident maktablari singari maktabgacha ta’lim tizimida ham “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkiloti yo‘lga qo‘yilishi haqida ta’kidlagan edi.
Mazkur chora-tadbirlar maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish hamda bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratishga qaratilgan.
