2026/2027 o‘quv yilidan o‘rta maxsus ma’lumotli MTT pedagoglari uchun 5+1 dual ta’lim tizimi joriy etiladi

2026/2027 o‘quv yilidan o‘rta maxsus ma’lumotli MTT pedagoglari uchun 5+1 dual ta’lim tizimi joriy etiladi

Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-19 Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq 2026/2027-o‘quv yilidan e’tiboran pedagog kadrlarni tayyorlash tizimida muhim o‘zgarishlar amalga oshiriladi.

 

Xususan, pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash xalqaro ilg‘or tajribalarga moslashtirilgan, takomillashtirilgan ta’lim dasturlari asosida olib boriladi.

 

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun dual ta’lim tizimi joriy etiladi.

 

Mazkur tizimga ko‘ra, pedagoglar bir kun pedagogika oliy ta’lim muassasasida, besh kun esa maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim oladi. Bakalavrlar to‘lov-shartnoma asosida tayyorlanadi. Ta’lim jarayonida pedagoglarning amaliy faoliyati metodik jihatdan ta’minlanadi, muvofiqlashtiriladi va baholanadi.

 

Bundan tashqari, yangi tashkil etiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ustuvor ravishda oliy ma’lumotli tarbiyachilar ishga qabul qilinadi. Tarbiyachilar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan nizom asosida tanlov yo‘li bilan saralab olinadi.

 

Avvalroq, “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbar, pedagog boshqa xodimlarining tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.