SAVOL: Men 2005-yilda harbiy bilim yurtini tugatganman. Hozirda attestatsiyadan oʻtish jarayonida diplom.edu.uz platformasi orqali maʼlumotlarimni kiritdim. Ammo men oʻqigan oliygoh faoliyati tugatilgan. Bunday holatda diplomimni kim tasdiqlaydi va qayerga murojaat qilishim kerak?
JAVOB: Diplom maʼlumotlarini tasdiqlatish hamda diplom.edu.uz maʼlumotlar bazasiga joylashtirish maqsadida oliy harbiy taʼlim muassasasi bitiruvchisi oliy harbiy taʼlim muassasasiga, faoliyati tugatilgan oliy taʼlim muassasasini bitiruvchisi huquqiy voris etib belgilangan oliy taʼlim muassasasiga, butunlay tugatilgan oliy harbiy taʼlim muassasasi bitiruvchisi esa u boʻysunuvchi yuqori turuvchi tashkilotga, yaʼni tegishli vazirlikka murojaat qilishi lozim.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda diplom maʼlumotlarini raqamlashtirish maqsadida diplom.edu.uz maʼlumotlar bazasi shakllantirilmoqda. Ushbu maʼlumotlar bazasini shakllantirish maqsadida fuqarolar imkoniyatidan ham foydalanilmoqda. Bu boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligining qoʻshma qarori bilan “Oliy taʼlim olganlik haqidagi diplom maʼlumotlarini qoʻshish yoki tahrirlash uchun ariza yuborish elektron xizmatini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlangan. Fuqarolar ushbu Nizomga asosan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ariza berishlari mumkin. Ariza 15 ish kunida tegishli oliy taʼlim muassasasi tomonidan koʻrib chiqiladi va diplom maʼlumotlari tasdiqlanadi. Ushbu Nizom harbiy oliy taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
