Prezident Shavkat Mirziyoyevga sunʼiy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish uchun zarur infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, hozirda zamonaviy kichik superkompyuter ishga tushirilgan. Katta quvvatli superkompyuterni xarid qilish va foydalanishga topshirish ishlari esa faol bosqichda davom etmoqda.
Loyiha doirasida 15 ta oliy taʼlim muassasasida sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etilishi, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda mahalliy SI yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish uchun keng imkoniyatlar yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, hududlarda zamonaviy data-markazlar tarmog‘ini kengaytirish, maʼlumotlar xavfsizligi va uzluksizligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezident raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvi samaradorligini kuchaytirish va aholi turmush sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.
2030-yilga qadar startaplar sonini 5 mingga, eksport bozoriga chiqqan startaplar sonini 200 taga yetkazish hamda venchur investitsiyalar hajmini 2 milliard dollarga oshirish maqsad qilingan.
