Xalqaro imtihon xarajatlari bo‘yicha kompensatsiya: eng muhim savollarga javoblar

Xalqaro imtihon xarajatlari bo‘yicha kompensatsiya: eng muhim savollarga javoblar

1-savol: Men ariza topshirgan edim, ammo arizam rad etildi. Buning sababi nimada?

 

Javob: Arizaning rad etilish sababi har bir arizaning izoh (kommentariya) qismida ko‘rsatilgan bo‘ladi.

 

2-savol: Ariza topshirganimga 5 kun bo‘ldi, ammo holati hanuz “Yangi” deb ko‘rsatilmoqda. Kimga murojaat qilishim kerak?

 

Javob: Amaldagi tartibga muvofiq, arizalar 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar qo‘shimcha o‘rganish talab etilsa, ko‘rib chiqish muddati 45 kungacha uzaytirilishi mumkin.

 

3-savol: Arizam bo‘yicha “Tasdiqnoma” oldim, holati “Tayyorlandi” deb turibdi. Biroq bugun bankka borsam, mablag‘ berilmadi. Kim biz yoshlarga yo‘l-yo‘riq beradi?

 

Javob: Amaldagi tartibga asosan, “Tasdiqnoma” berilgan sanadan boshlab 15 kun ichida mablag‘lar moliyalashtiriladi.

 

Masalan, agar arizachi 18-sentabr kuni tasdiqnoma olgan bo‘lsa, u 30-sentabrdan keyin hisob raqamda mablag‘ mavjud bo‘lgan taqdirda o‘z mablag‘ini “Xazna” mobil ilovasi orqali olishi mumkin.

 

Agar mablag‘lar hali mavjud bo‘lmasa, ilovada “Xizmat vaqtinchalik mavjud emas” degan xabarnoma chiqadi.

 

4-savol: “Xazna” mobil ilovasidan qanday ro‘yxatdan o‘tiladi? Ro‘yxatdan o‘ta olmayapman. Yordam bering.

 

Javob: “Xazna” mobil ilovasi bo‘yicha to‘liq ma’lumotni 1106 qisqa raqami orqali olishingiz mumkin.

 

5-savol: Arizam jarayonda bo‘lib, oxirgi bosqichda “Bank xulosasi” deb ko‘rsatilmoqda. Nega arizam ko‘rib chiqilmayapti?

 

Javob: Agar ariza holati “Bank xulosasi” bosqichida bo‘lsa, demak, ariza Agentlik tomonidan tasdiqlangan va mablag‘lar “Xazna” mobil ilovasi orqali qoplab beriladi.

 

6-savol: Mablag‘ni olish muddati 180 kun etib belgilangan deyilgan. Ushbu muddat qaysi vaqt oralig‘ini o‘z ichiga oladi?

 

Javob: Tasdiqnoma berilgan sanadan boshlab 180 kun davomida mablag‘ni istalgan vaqtda olish mumkin.

 

7-savol: Kompensatsiya mablag‘larini Xalq banki bermayapti, Yoshlar ittifoqi bermayapti, my.gov.uz bermayapti. Unda kim mas’ul?

 

Javob: Mazkur davlat xizmatini ko‘rsatish uchun Yoshlar ishlari agentligi mas’ul hisoblanadi.

 

Avvalroq, xorijiy til imtihonlaridan yuqori natijani qo‘lga kiritgan yoshlarga 111 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarib berilgani haqida xabar bergan edik.