Nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyati yangi elektron tizim orqali baholanadi

Nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyati yangi elektron tizim orqali baholanadi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi nodavlat ta’lim tashkilotlarida qonunchilikka rioya etilishini masofadan turib baholovchi “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etdi. Tizim tashkilotlarning xavf darajasini 100 ballik mezon asosida aniqlaydi, biroq uning natijalari tadbirkorlarga nisbatan avtomatik tarzda jazo yoki boshqa ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘lmaydi.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 26-iyundagi 22-mh-son buyrug‘i bilan sohada qonunchilikka rioya etilishini masofaviy va shaffof nazorat qiluvchi “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat Adliya vazirligida 3866-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

 

Nizomga ko‘ra, elektron tizim inson omilisiz, aniq mezonlar va 100 ballik baholash tizimi asosida nodavlat ta’lim tashkilotlarida huquqbuzarlik xavfini aniqlaydi.

 

Shu bilan birga, tizim orqali aniqlangan xavf darajasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, u tadbirkorlik subyektiga nisbatan jazo yoki boshqa ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.

 

Ta’kidlanishicha, tahlil jarayoni tadbirkorlik faoliyatini cheklamaydi hamda tashkilotlardan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumot talab etilmaydi. Baholash mavjud ma’muriy ma’lumotlar, statistika, EMIS va HEMIS axborot tizimlari, fuqarolar murojaatlari hamda ochiq manbalardagi ma’lumotlar asosida masofadan turib amalga oshiriladi.

 

Baholash natijalariga ko‘ra tashkilotlar uchta toifaga ajratiladi:

 

— Yuqori xavf: 81 dan 100 ballgacha;
— O‘rta xavf: 61 dan 81 ballgacha;
— Past xavf: 61 balldan kam.

 

Tizim qanday ishlaydi?

 

Past xavf toifasidagi tashkilotlarda tekshiruvlar umuman o‘tkazilmaydi. Bu halol ishlayotgan muassasalarni ortiqcha bosimdan xalos etadi.

 

Yuqori va o‘rta xavfli muassasalarda profilaktika va tekshiruvlar amaldagi qonunchilik asosida, faqat ta’lim talablariga rioya etilishini o‘rganish maqsadida o‘tkazilishi mumkin.

 

Aniq xavf darajasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu avtomatik ravishda tadbirkorga jazo yoki ta’sir chorasi qo‘llashga asos bo‘la olmaydi.

 

Xavf darajasining tahlili quyidagi maʼlumotlarni oʻrganish asosida amalga oshiriladi:

 

  • maʼmuriy maʼlumotlar (litsenziya, ruxsat etuvchi va davlat organlarida mavjud boshqa hujjatlar);
  • davriy statistika maʼlumotlari, jumladan, avval huquqbuzarlik holatlari aniqlangan tadbirkorlik subyektini umumlashtiruvchi belgilar, xabarlar va boshqa korrelyatsion tahlil natijalari;
  • yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
  • OAVlaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan maʼlumotlar;
  • nazorat xaridi natijalari asosida aniqlangan kamchiliklarning tahlili;
  • qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va tadbirkorlik subyektining odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.

 

Xavfni tahlil etish natijalaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlar belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

 

Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.

 

Hujjatni — yuklab olish