Toshkentda o‘qishga kiritishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi

Toshkentda o‘qishga kiritishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida oliy ta’lim muassasalariga noqonuniy o‘qishga kiritishni va’da qilib, fuqarolardan pul olgan shaxslar ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, Departamentning Yunusobod tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bir fuqaro o‘zini yuqori idoralarda ishlovchi tanishlari borligini aytib, boshqa bir shaxsni xorijiy oliy ta’lim muassasasida o‘qiganligi to‘g‘risidagi soxta hujjatlar asosida Toshkent shahridagi universitetlardan birining 4-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.

 

U buning evaziga 1 500 AQSH dollari talab qilgan. Gumonlanuvchi Yunusobod tumanidagi savdo majmuasi avtoturargohida 1 400 AQSH dollari va 1 million 200 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

Shuningdek, Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda yana bir fuqaro tanishlari orqali boshqa bir shaxsni Toshkent moliya institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytgan.

 

Buni evaziga fuqarodan 13 ming AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilingan.

 

Avvalroq, Koreyaga o‘qish va ishga yuborish uchun 5 600 dollar pora olgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.