Buxoro viloyatida fuqaroni Koreya Respublikasiga o‘qish va ishga yuborishni va’da qilib, 5 600 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, Departamentning G‘ijduvon tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro B.I. (muqaddam sudlangan) go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro L.N.ni Koreya Respublikasiga o‘qishga va ishga yuborishini aytib, 5 600 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda vaziyat yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.
Avvalroq, Farg‘onada Janubiy Koreyaga o‘qish va ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.
