Farg‘onada Janubiy Koreyaga o‘qish va ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Farg‘onada Janubiy Koreyaga o‘qish va ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Bosh prokuratura departamenti xabariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida Koreya Respublikasiga o‘qish va ishga yuborishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi.

 

Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida (muqaddam sudlangan) D.R. 10 nafar fuqaroni Koreya Respublikasiga o‘qish va ishga yuborishni va’da qilib, noqonuniy ravishda pul olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

 

Aniqlanishicha, D.R. 10 nafar fuqaroni Koreya Respublikasiga yuborish evaziga 55 ming AQSH dollari talab qilgan va shundan 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Shuningdek, tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruv davomida ushbu shaxs yana 46 nafar fuqarodan Koreya Respublikasiga yuborishni va’da qilib, jami 196 ming 650 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

 

Avvalroq, Andijonda xorijiy davlatlarning bakalavr diplomini va Koreyaga ishchi vizani olib berishni va’da qilgan nodavlat ta’lim muassasasi rahbari 500 AQSH dollari va 3 mln so‘m olayotgan vaqtda qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.