Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 2026-yilga mo‘ljallangan ish vaqti kalendari ishlab chiqildi.
Mazkur ish vaqti kalendari O‘zbekiston Mehnat kodeksi, prezidentning 2025-yil 26-dekabrdagi farmoni hamda 2025–2026-yillar kalendar ma’lumotlari asosida shakllantirilgan.
Taqdim etilgan hujjatda 5 kunlik (40 soatlik), 6 kunlik (40 soatlik) va 6 kunlik (36 soatlik) ish haftalari uchun oylar, choraklar, yarim yillik va yil kesimida ish soatlari hamda ish kunlari soni hisoblab chiqilgan. Shuningdek, 2026-yilda nishonlanadigan rasmiy bayram kunlari va bayramoldi ish kunlarida ish vaqti me’yorlari alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Ish vaqti kalendaridan:
— ish jadvallarini ishlab chiqishda;
— ta’til muddatlarini rejalashtirish va rasmiylashtirishda;
— oylik, choraklik va yillik ish soatlarini aniqlashda hamda boshqa mehnatni tashkil etish bilan bog‘liq jarayonlarda foydalanish mumkin.
Ma’lum qilinishicha, prezident farmonlari bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansa yoki dam olish kunlari ko‘chirilsa, ish vaqti kalendariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
Shuningdek, Ro‘za hayiti (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) bayramlari sanalari oy taqvimiga bog‘liq bo‘lgani sababli ularning aniq kunlari bir kunga o‘zgarishi mumkin.


