Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘mlik 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi. Yangi loyihalar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Joriy yilning 25-avgust kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda davlat rahbari hududlardagi studiyalarga yig‘ilgan keng jamoatchilik vakillarini hamda ular orqali butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.
Qayd etilishicha, joriy yilning o‘zida 1,7 milliard dollarlik 56 ta yirik zamonaviy sanoat va servis obyekti ishga tushirilib, 8,8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgan.
Shuningdek, budjetdan ajratilgan 46 trillion so‘m hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bog‘cha, 81 ta shifoxona, 7,5 ming kilometr yo‘l, 3,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurilgan, ta’mirlangan va rekonstruksiya qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi loyihalarning mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.
Biz xomashyo eksport qilgan davlatdan uni chuqur qayta ishlash zanjiri asosida tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga o‘tyapmiz. Eng muhimi, yangi korxonalar bilan birga zamonaviy texnologiyalar, yangi kasblar va yuqori malakali ish o‘rinlari ham paydo bo‘lmoqda, — dedi davlat rahbari.
Marosimda yangi o‘quv yili arafasida ijtimoiy sohadagi qator obyektlar ham foydalanishga topshirilgani qayd etildi. Jumladan, 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona ishga tushirilgan.
Yangi O‘zbekiston universitetining yangi majmuasi
Yangi Toshkent hududida 10 gektar maydonda jahon standartlari asosida barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universitetining zamonaviy majmuasi ham foydalanishga topshirildi. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.
Universitetda Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha “Ta’lim xabi” tashkil etiladi. Shuningdek, 1-oktyabrdan Sun’iy intellekt instituti ish boshlashi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona ham zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. Muassasa bir vaqtning o‘zida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi. Bu yerda 28 dan ziyod o‘quv xonasi va zallar, turli sig‘imdagi konferensiya zallari tashkil etilgan hamda 200 mingdan ortiq kitob jamlangan.
Hududlarda yangi ta’lim obyektlari
Qarshi shahrida 400 milliard so‘mlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining zamonaviy bino va inshootlari barpo etildi. Ushbu ta’lim muassasasida 3 ming nafar talaba tahsil olishi, 700 nafar aholi esa daromadli ish bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlanishicha, yangi obyektlar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratilib, budjetga yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushishi ta’minlanadi.
Davlat rahbari yangi obyektlarni barpo etishda ishtirok etgan investor va tadbirkorlar mehnatini yuqori baholab, ularning mamlakat taraqqiyotidagi hissasini ta’kidladi.
Siz kiritayotgan har bir investitsiya O‘zbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratayotgan har bir ish o‘rni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Siz eksport qilayotgan har bir tovar O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi, — dedi Prezident.
Bundan tashqari, loyihalarni barpo etishda fidoyilik ko‘rsatgan quruvchilar, muhandis va loyihachilar, tadbirkor va investorlarga minnatdorlik bildirildi.
Marosim yakunida O‘zbekiston Respublikasi rahbari ramziy tugmani bosib, 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.


