Biologiya yoki unga aloqador fanlar boʻyicha faoliyatini davom ettirmoqchi boʻlgan bakalavriat talabalari uchun dunyoning yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalarida amaliy yozgi tadqiqot imkoniyatini beruvchi 8 haftalik intensiv dastur — Amgen Scholars Asia Program 2026 taqdim etiladi.
Dastur 2026-yil 2-iyundan 6-avgustgacha davom etadi.
Maʼlumot uchun: Amgen Scholars Program dasturi 2006-yilda AQShda, 2008-yilda Yevropada va 2015-yilda Yaponiyada ishga tushirilgan. Singapur Milliy Universiteti (NUS) esa 2018-yilda ushbu nufuzli dasturni Osiyoda taqdim etayotgan jahondagi yetakchi muassasalar qatoriga qoʻshildi.
Dasturga hujjat topshirish uchun oxirgi muddat: 31-yanvar, 2026-yil (21:00).
Saralangan nomzodlar 2026-yil mart oyi oʻrtalarida xabardor qilinadi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Foydali tomonlari
Xalqaro olimlar uchun (International Scholars):
- Turar joy bilan taʼminlanadi;
- Sayohat xarajatlari uchun 1,500 SGD (~$1,100) miqdorida pul beriladi;
- 8 haftalik dastur uchun 6,000 SGD (~$4,600) miqdorida stipendiya taqdim etiladi;
- Viza uchun yordam beriladi va xarajatlari qoplanadi;
Mahalliy olimlar uchun (Local Scholars):
- Turar joy bilan taʼminlanadi;
- Sayohat xarajatlari qoplanadi;
- 8 haftalik dastur uchun 6,000 SGD (~$4,600) miqdorida stipendiya taqdim etiladi.
Shuningdek quyidagi afzalliklardan foydalanish mumkin:
- Yetakchi ilmiy rahbarlar tomonidan bilim beriladi;
- Singapur Milliy Universitetidagi magistratura dasturi imkoniyatlari boʻyicha axborot sessiyalari oʻtiladi;
- Olimlar bilan uchrashish va muloqot qilish imkonini beruvchi seminarlar olib boriladi;
- Kutubxona, Universitet Sogʻliqni Saqlash Xizmati va Sport Markazi kabi kampus infratuzilmalaridan foydalanish imkoniyati mavjud;
- Oʻquv sayohatlari va ijtimoiy ekskursiyalar oʻtkaziladi.
Eslatma: Baʼzi xizmatlar uchun toʻlov talab qilinishi mumkin.
Maqbullik shartlari
Dastur uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob beruvchi bakalavriat talabalari boʻlishi kerak:
- Osiyoda joylashgan va tegishli yoʻnalishlar boʻyicha bakalavr darajasi (yoki unga tenglashtirilgan daraja) beradigan kollej yoki universitetlarda oʻqiyotgan boʻlishi;
- Yozgi dastur boshlanishi paytida bakalavriatning kamida birinchi kursini tamomlagan boʻlishi;
- Yozgi dastur boshlanishidan oldin bitiruvchi boʻlmasligi hamda dastur tugagandan soʻng kamida yana bir semestr yoki bir chorak davomida bakalavr oʻqishini davom ettirishi kerak;
- Dasturda toʻliq qatnashish shart.
Asia Program dasturi uchun nomzodlardan quyidagilar ham talab qilinadi:
- Kuchli akademik koʻrsatkichlar ega boʻlish;
- PhD darajasiga ega boʻlish istagi boʻlishi;
- Ingliz tilini yaxshi bilish:
- TOEFL (iBT) boʻyicha minimal ball – 72;
- IELTS umumiy koʻrsatkich – 5,5;
- Cambridge English FCE sertifikati;
- TOEIC umumiy bali 1095, yoki TOEIC L&R – 785, yoki TOEIC S&W – 310;
- Yoki joriy universitetdan darslar asosan ingliz tilida oʻqitilishini tasdiqlovchi rasmiy xat.
Ishtirokchilardan quyidagilar kutiladi:
- Singapur Milliy Universiteti tomonidan taqdim etilgan turar joyda yashash;
- Tadqiqot guruhining kundalik faoliyatida toʻliq ishtirok etish, laboratoriyadagi barcha aʼzolarning ishiga hurmat bilan munosabatda boʻlish va laboratoriya yigʻilishlari yoki boshqa uchrashuvlarda qatnashish;
- Laboratoriya ishini boshlashdan oldin xavfsizlik boʻyicha trening va testdan oʻtish;
- Tanishuv kuni, barcha majburiy konferensiyalar, faoliyatlar va ijtimoiy tadbirlarda qatnashish.
- Oʻz yozgi tadqiqot loyihasini taqdim etuvchi poster va ogʻzaki prezentatsiya tayyorlash;
- Loyiha yakunlangach yozma hisobot taqdim etish;
- 2026-yilda Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan Amgen Scholars Asia Symposiumda loyiha bilan qatnashish va taqdimot qilish.
