Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabr kuni “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 578-sonli qarori qabul qilingan.
Unga ko‘ra, oliy taʼlim tashkilotlariga talabalar oʻqishini koʻchirish boʻyicha arizalarni roʻyxatdan oʻtkazish Vazirlikning rasmiy veb-sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan my.gov.uz orqali bir oʻquv yilida ikki marta:
– kuzgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 15-iyuldan 5-avgustgacha (5-avgust kuni ham);
– bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) onlayn platforma orqali amalga oshiriladi.
Bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin talabalar oʻqishini bir oliy taʼlim tashkilotidan boshqasiga koʻchirib tiklash toʻgʻrisidagi arizalar qabul qilinmaydi va koʻrib chiqilmaydi.
Oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) istagini bildirgan fuqarolar elektron platformaga oʻzining shaxsiy identifikatsiya maʼlumotlarini kiritadi va oʻziga tegishli quyidagi hujjatlarni yuklaydi:
– ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan holatlarni (sabablarni) asoslovchi hujjatlar nusxasi;
– reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma yoxud transkript nusxasi.
Nizomning 5-bandiga ko‘ra, oliy taʼlim tashkilotlarining biridan boshqasiga talabalar oʻqishini mos va turdosh taʼlim yoʻnalishiga (mos mutaxassislikka), muayyan hududdagi oliy taʼlim tashkilotlarida mos va turdosh taʼlim yoʻnalishi (mos mutaxassislik) mavjud boʻlmagan taqdirda turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishiga (mos boʻlmagan mutaxassislikka) koʻchirishga quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:
– talaba turmush qurishi munosabati bilan turmush oʻrtogʻi doimiy yashaydigan hududdagi oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishni koʻchirish uchun murojaat qilganda;
– davlat organlari xodimlarining ish joyi tegishli vazirlik va idoralar tomonidan oʻzgartirilgan taqdirda, uning turmush oʻrtogʻi yoki voyaga yetmagan farzandi muayyan vazirlik yoki idora rahbari tavsiyasi asosida oʻqishini koʻchirish uchun murojaat qilganda.
Nizom bilan tanishish — Faylni yuklash
Arizalar qachon topshiriladi va ko‘rib chiqiladi?
Bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) talabalar oʻqishini koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʻi bilan tashkil etiladigan hududiy ishchi guruhlari tomonidan qabul qilinishi ham mumkin.
Oliy taʼlim tashkilotlariga talabalar oʻqishini koʻchirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilgan ariza tegishliligiga koʻra elektron platforma orqali oliy taʼlim tashkilotiga yoki tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar yoxud Davlat komissiyasiga yuboriladi.
Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 21-yanvardan 10-fevralgacha (10-fevral kuni ham) amalga oshiriladi.
Bunda:
– bir oliy taʼlim tashkiloti doirasida mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari hamda mos mutaxassisliklar boʻyicha talabalar oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash toʻgʻrisidagi arizalar oliy taʼlim tashkiloti tomonidan koʻrib chiqilib, qaror qabul qilinadi va bu haqda talabgorga elektron platforma orqali maʼlum qilinadi;
– mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari hamda mos mutaxassisliklar boʻyicha bir oliy taʼlim tashkilotidan boshqasiga talabalar oʻqishini koʻchirish va koʻchirib tiklash toʻgʻrisidagi arizalar:
– tegishli vazirlik (idora) tomonidan koʻrib chiqilib, qaror qabul qilinadi va bu haqda talabgorga elektron platforma orqali maʼlum qilinadi;
– ijobiy hal etilgan taqdirda, tegishli vazirlik va idoralar oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishi koʻchirilishi (koʻchirib tiklanishi) ruxsat etilgan talabalar roʻyxati ilova qilingan xat yoʻllaydi;
– ushbu Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha arizalar Davlat komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi.
Arizalar koʻrib chiqilib, ijobiy hal etilgan taqdirda, Davlat komissiyasi tomonidan oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishi koʻchirilishi (koʻchirib tiklanishi)ga ruxsat etilgan talabalar roʻyxati ilova qilingan xat yuboriladi.
Ma’lumot uchun, talabalarning oʻqishini koʻchirishda oliy taʼlim tashkiloti rektori belgilangan tartibda oʻquv rejalari, semestri hamda oʻqishga qabul qilishning qonunchilikda belgilangan boshqa shartlarini belgilaydi.
Sport musobaqalari gʻolibi sifatida imtiyoz bilan oliy taʼlim tashkilotlariga davlat granti asosida kunduzgi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilingan talabalarga:
– ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq oʻqishini sirtqi taʼlim shaklidagi mos va turdosh taʼlim yoʻnalishiga (sirtqi taʼlim shakli mavjud boʻlgan taqdirda) davlat granti asosida koʻchirishga;
– oliy taʼlim tashkiloti va taʼlim yoʻnalishi oʻzgarmagan holda sirtqi taʼlim shaklida (sirtqi taʼlim shakli mavjud boʻlgan taqdirda) davlat granti asosida oʻqishini davom ettirishga ruxsat beriladi.
Boshqa hollarda oʻqishni koʻchirish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
