Yangi yilga sinfxonani bezatmagan o‘qituvchiga chora ko‘rilishi to‘g‘rimi?

Yangi yilga sinfxonani bezatmagan o‘qituvchiga chora ko‘rilishi to‘g‘rimi?

Odatda taʼlim muassasalarida Yangi yil bayrami tadbirlarini qiziqarli tashkil etish maqsadida har yili Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan taʼlim tashkilotlari hududi, binosi hamda sinf xonalarini tartibga keltirish, taʼlim tashkilotlari hovlisidagi tabiiy archani (mavjud boʻlsa) oʻquvchi va tarbiyalanuvchilar qoʻl mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bilan bezatish boʻyicha tavsiya va koʻrsatmalar beriladi.

 

Shuningdek, taʼlim tashkilotlari foyesi, faollar yoki sport zallarini oʻquvchi va tarbiyalanuvchilar qoʻl mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bilan bezatish, bayram tadbirlarini taʼlim tashkilotlari hududida qiziqarli tarzda tashkil etish va taʼlim muassasasi hududini bayramona bezatish boʻyicha tavsiyalar ham beriladi.

 

Bunda Yangi yil bayramini nishonlash bahonasida oʻquvchilar va pedagog xodimlar tomonidan noqonuniy pul yigʻimlarini tashkil etish, Yangi yil bayramini restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalarida oʻtkazish, shuningdek, oʻquvchilar, ularning ota-onalari tomonidan bayram munosabati bilan taʼlim tashkiloti rahbariyati va pedagog xodimlarga turli xil sovgʻalar taqdim etish qatʼiyan taqiqlanadi.

 

Ammo, vazirlik tomonidan beriladigan mazkur koʻrsatmalar tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib, taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlariga hech qanday majburiyat yuklamaydi.

 

Shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2023-yil 27-iyundagi 190-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan sinf rahbarlari yoʻriqnomasida ham ularga sinfxonalarni bezatish boʻyicha majburiyat yuklanmagan.

 

Shu sababli, sinf xonalarni yangi yilga bezatmagan sinf rahbarlariga nisbatan hech qanday jazo choralari qoʻllanilmaydi.

 

Avvalroq, qishki taʼtil vaqtida maktab oʻqituvchilari ishga kelishga majbur emasligi haqida xabar bergan edik.