Qishki ta’til vaqtida maktab o‘qituvchilari ishga kelishi shartmi?

Qishki ta’til vaqtida maktab o‘qituvchilari ishga kelishi shartmi?

Amaldagi Mehnat kodeksining 181-moddasiga ko‘ra, xodimlar ichki mehnat tartib qoidalariga, smenalarga boʻlinib ishlash (ish) jadvallariga, boshqa ichki hujjatlarga yoki mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini qaysi vaqt mobaynida bajarishi kerak boʻlsa, oʻsha vaqt ish vaqtidir.

 

Ish vaqtiga quyidagilar kiradi:

 

– xodim mehnat majburiyatlarini haqiqatda bajargan vaqt;

 

– Mehnat kodeksda nazarda tutilgan boshqa vaqt davrlari.

 

Shuningdek, Mehnat kodeksining 200-moddasiga binoan, ish beruvchi xodimlarning ishga kelishi va ishdan ketishi hisobga olinishini tashkil etishi shart.

 

Pedagog xodimlarning ish vaqti ular bajarishi kerak bo‘lgan pedagogik yuklamaga muvofiq belgilanadi. O‘qituvchilar pedagogik yuklamasini bajarishi har kunlik ishga kelish-ketish jurnalida qayd etilib, oylik ish vaqti hisobga olish tabelida aks ettiriladi.

 

Darslar mavjud bo‘lmagan davrlarda o‘qituvchilar boshqa pedagogik yuklamaga kiruvchi ishlarda qatnashishlari yoki maktab ma’muriyati tomonidan belgilangan topshiriqlarni bajarishlari lozim.

 

Mehnat kodeksining 244-moddasiga muvofiq, ish beruvchining oʻz moliyaviy ahvolidan qatʼi nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq toʻlashni amalga oshirish majburiyatini mehnatga haq to’lash sohasidagi asosiy kafolatlardan biri hisoblanadi.

 

Agar o‘qituvchi ishga kelmasa, tabelga kiritilmaydi va unga maosh to‘lanmaydi. Agar maktab ichki qoidalarida kechikish yoki ishga kelmaslik mehnat vazifalarini buzish sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu holat o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.

 

Demak, qishki ta’til davrida darslar yo‘qligi o‘qituvchilarga ishga kelmaslik huquqini bermaydi.

 

Avvalroq, maktablarda qishki ta’til qachondan boshlanishi ma’lum bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.