Milliy sertifikat savollari 300 dollarga sotilyaptimi? — rasmiy munosabat

Milliy sertifikat savollari 300 dollarga sotilyaptimi? — rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihoni savollari sotilayotgani haqida audioxabar tarqaldi.

 

Unga koʻra, oʻqituvchi oʻzi imtihonga tayyorlayotgan oʻquvchilariga oralaridan birorta yaxshiroq eslab qoladigani u aytgan manzilga borib savollarni yodlab qolishi va boshqalarga tarqatishi kerakligini aytgan.

 

Oʻqituvchining aytishicha, savollarning narxi bir kishi uchun 300 dollarga teng.

 

Ushbu holat yuzasidan Bilimni baholash agentligi Talimxabarlari.uz jamoasiga ma’lum qildiki, bu eski xabar va  bu boʻycha rasmiy munosabat bildirilgan.

 

2025-yil 11-noyabrda e’lon qilingan ushbu munosabatga koʻra:

 

Ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yil noyabr oyida Milliy test tizimi doirasida ona tili va adabiyot fanidan bo‘lib o‘tgan imtihon materiallarining imtihondan avval tarqalganligi haqida asossiz xabarlar e’lon qilinmoqda.

 

Bilim va malakalarni baholash agentligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan savollar o‘qituvchilar tomonidan shakllantirilgan savollar bo‘lib, ular orasida avvalgi imtihonlarda foydalanilgan test savollari ham mavjud bo‘lgan. Bu test variantlarining ekvivalentligini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladigan holat bo‘lib, oldingi imtihondagi ayrim test topshiriqlari keyingi imtihondagi test varianti tarkibiga maqsadli tarzda kiritiladi.

 

Badiiy asarlar asosida shakllantiriladigan test topshiriqlari haqida shuni ta’kidlash joizki, Agentlikning rasmiy saytida mustaqil o‘qish uchun tavsiya etiladigan 40 ta badiiy asar ro‘yxati e’lon qilingan. Test variantidagi adabiyot nazariyasi va adabiyot tarixini bilishga doir savollar mazkur ro‘yxatdagi asarlar asosida shakllantiriladi. Repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘qituvchilar esa ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarida turlicha asarlarni ehtimoliy asarlar sifatida e’lon qilishdi – ayrimlari qaysidir to‘rt-beshta, ayrimlari boshqa uch-to‘rtta asar nomini e’lon qildi va, tabiiyki, imtihon test varianti tarkibidagi test topshirig‘i qaysidir bir taxmin qilingan asarlar bilan mazmunan mos kelgan. Bu holat test materiallari oldindan tarqatilganligini anglatmaydi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda yozma ish mavzularining oldindan oshkor qilinganligi haqidagi xabarlar ham asossizdir.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan esse mavzularining imtihon savollari bilan muvofiqligi agentlik tomonidan o‘rganib chiqildi. Tahlil jarayonida mazkur holat turli omillar ta’sirida yuzaga kelganligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, imtihon jarayonlarida esse mavzulari sifatida ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etayotgan, omma e’tiborida bo‘lgan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan, talabgorlar ommasiga birdek tanish, dolzarb va qiziqarli mavzular tanlanmoqda. Talabgor uchun notanish mavzu uning tilni bilishga oid bilimlarini aniqlashga xizmat qilmasligi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda imtihon arafasida taxminiy mavzular sifatida yuzlab mavzular e’lon qilina boshladi.

 

Ayrim mavzular imtihondagi yozma ish mavzulari mazmun doirasida bo‘lsa-da, muhokama obyekti aynan bir xil emas. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda taxmin sifatida e’lon qilingan mavzulardan biri alifbo va imlo islohoti haqida, imtihonda yozma ish topshirig‘i sifatida taqdim etilgan mavzu esa imloviy savodxonlik va aqliy salohiyat o‘rtasidagi bog‘liqlik borasida edi. Talabgorlarning imtihon topshirig‘i mazmuniga diqqat qaratmaganliklari oqibatida ijtimoiy tarmoqlardagi oldindan muhokama qilingan mavzuga mos esse yozib chiqqanligi esa yozma ish mavzusining oldindan tarqatilganligi haqidagi shubhalarning paydo bo‘lishi, qolaversa, ko‘plab yozma ishlarning “mavzuga mos bo‘lmagan” ish sifatida baholanishiga sabab bo‘lmoqda. Talabgorlarning yozma ishlarini baholash davom etmoqda.

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Bilim va malakalarni baholash agentligi o‘z faoliyatini amalga oshirishda xolislik, adolat va shaffoflik tamoyillariga sodiqdir.