Ijtimoiy tarmoqlarda Davlatobod tumanidagi 33-umumta’lim maktabi o‘quvchilarining karta o‘ynagan holati aks etgan videolavha yuzasidan maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xodimlari tomonidan o’rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganish natijasida joriy yil 28-noyabr kuni 11-A sinfning 7 nafar o‘quvchisi 5-soat dars mashg‘uloti tugagandan so‘ng sinf xonasida karta o‘ynagani, ushbu xatti-harakat esa shu sinf o‘quvchisi tomonidan videoga olingani aniqlangan.
Xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, lavozim vazifalarini lozim darajada bajarilmaganligi, jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani uchun o‘quv va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariga bir oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima qo‘llanildi hamda 11-A sinf rahbari sinf rahbarligi vazifasidan ozod etilgan.
Bundan tashqari, Davlatobod tumani IIB tomonidan farzand tarbiyasiga befarqligi hamda nazoratsiz qoldirganligi, e’tiborsizlik qilgan ota-onalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida jarima qo‘llanilgan.
