Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrugʻiga muvofiq, oliy, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari (davlat, nodavlat hamda xorijiy) va akademik litseylar talaba hamda o‘quvchilarining joriy o‘quv yili uchun qishki taʼtil muddati belgilandi.
Unga ko‘ra, qishki taʼtil 2025-yil 28-dekabrdan boshlanib, 2026-yil 10-yanvariga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Talaba va o‘quvchilarning qishki taʼtil davrida doimiy yashash hududlariga (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga) borib-kelishlarini qulaylashtirish maqsadida Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda “Uzbekistan Airways” AJ bilan hamkorlikda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Shunga muvofiq, 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvariga qadar (shu kuni ham) talabalar va o‘quvchilar uchun 50 foiz chegirma asosida yo‘l chiptalari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.
